Правило Миранды и институт хабеас корпус являются важными конституционными гарантиями наших прав

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekiston Respublikasida inson huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga binoan eʼtirof etilishi va kafolatlanishi qayd etilmoqda.
Jumladan, unga inson huquqlari himoyasiga oid qator progressiv kafolatlar kiritilmoqdaki, ular zamirida eng asosiy g‘oya, yaʼni inson huquq va erkinliklari ustuvorligi – huquqiy davlatning oliy maqsadi, deb eʼtirof etilishi g‘oyasi yotadi. Aynan mana shu yondashuv asosida Konstitutsiyaning yangi tahririda inson huquqlariga oid normalar 3 barobardan ortiqqa oshmoqda.
“Miranda qoidasi” va “Xabeas korpus” instituti ana shunday yangi kafolatlardandir. Ularning mazmun-mohiyati nimadan iborat?
“Miranda qoidasi” deyarli barcha rivojlangan davlatlarda amal qiladigan, jinoyat sodir etishda gumon bilan ushlangan shaxs huquqlarining asosiy kafolati hisoblanadi.
Bu qoida AQSHda birinchi bor kiritilgan yuridik talab bo‘lib, unga binoan, har qanday politsiya xodimi ushlash vaqtida shaxsga uning protsessual huquqlarini tushuntirishi va, albatta, ushlangan shaxsdan mazkur tushuntirishlar mohiyatini anglagani borasida ijobiy javob olishi talab etiladi.
Xususan, shaxs jinoyat sodir etishda gumonlanib, ushlangan vaqtida quyidagilardan aniq xabardor etilishi shart:
– sukut saqlash huquqiga egasiz, aytgan har qanday gapingiz sudda sizga qarshi ishlatilishi mumkin;
– advokat bilan maslahatlashingiz mumkin va bu advokat birinchi so‘roq davomida ishtirok etishi mumkin;
– agar advokat yollash uchun imkoniyatingiz bo‘lmasa, sizga bepul ravishda advokat xizmati taʼminlanadi.
Aytish kerakki, shaxsni ushlash vaqti odatda jinoyat ishi yurituvining dastlabki nuqtasi hisoblanadi va aynan mana shu vaqtda shaxs noqonuniy jinoiy taʼqib va g‘ayriqonuniy harakatlarga duchor etilishi ehtimoli katta.
Ushlangan shaxs o‘z protsessual huquqlarini yaxshi bilmagan sharoitda u tergov organlari tomonidan aybiga iqrorlik yoki o‘ziga qarshi ko‘rsatmalar berishga majburlanishi xavfi mavjud. Aynan protsessual ushlash vaqtida inson ruhan stress holatida bo‘ladi va huquqiy ko‘makka ayniqsa muhtojdir, chunki u bunday murakkab vaziyatda jinoyatda aybi borligini isbotlash majburiyati uning emas, aksincha, butunlay tergov organlariga yuklatilganini anglay olmaydi. Sukut saqlash huquqi esa gumonlanayotgan shaxsga o‘zining jinoyat sodir etishda aybini isbotlash jarayonida ishtirok etmaslik imkoniyatini kafolatlaydi.
Aytish kerakki, “Miranda qoidasi” qisman bo‘lsa-da, milliy jinoyat ishlari yurituvida ko‘zda tutilgan. Xususan, Jinoyat-protsessual kodeksining 46-moddasiga binoan, shaxs o‘zining ko‘rsatmalaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor bo‘lishi va nimada ayblanayotganini bilish huquqiga egadir. Shuningdek, mazkur normada shaxsga o‘zining aybdor emasligini yoki ishning boshqa biror holatlarini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emasligi kafolatlangan.
Bundan tashqari, ayblanuvchi yoki gumonlanuvchi o‘ziga qo‘yilgan ayblov yo gumon xususida hamda ishning boshqa har qanday holatlari to‘g‘risida ko‘rsatmalar berish yoxud ko‘rsatmalar berishdan bosh tortishga haqlidir. Shuningdek, u ko‘rsatmalaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor bo‘lish huquqiga ham ega.
Shu bilan birga, bugungi kunda jinoyat protsessida shaxs huquqlarini yana-da ishonchli himoyalash bilan bog‘liq xalqaro standartlarni konstitutsiyaviy mustahkamlash zarurati katta. Xususan, “Miranda qoidasi”ning konstitutsiyaviy ravishda belgilanishi jinoiy taʼqib ostiga olingan shaxslar, gumon qilinuvchi va ayblanuvchilar huquqlarini taʼminlovchi real kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
Odatda inson o‘z protsessual huquqlarini jinoyat sodir etishda gumonlanib ushlanganida, yaʼni murakkab vaziyatga tushganidan keyin bilishga intiladi, qachonki shunday konstitutsiyaviy huquqi bor ekanini ayblov eʼlon qilib bo‘linganidan keyin emas, aksincha, bundan avval bilishi va uni taʼminlanishini talab etishi zarur.
Inson huquqlariga oid prinsiplar o‘tgan asrning jinoyat-protsessual kodekslarida belgilangan. Lekin, shubhasiz, o‘sha davrda ular deklarativ ravishda, faqat qog‘ozda bo‘lgan. Inkvizitsiyaviy jinoyat protsessida isbotlashning eng samarali yo‘li aybiga iqrorlik ko‘rsatmalarini olish hisoblanardi. Bu yo‘lda har qanday usullar o‘zini oqlaydi, degan repressiv qoida amal qilardi. Aynan ana shu og‘ir tarixiy davrlarni boshidan kechirgan xalqimizda jinoyat tergovi haqida so‘z borganda hali-hanuz
quyidagi stereotip fikrlash saqlanib qolgan: “tergov organlariga kuning tushmasin, tushsa tamom, qutula olmaysan, tergov nima desa, shuni qilishga majbur bo‘lasan”. Shubhasiz, bunday stereotiplardan batamom voz kechishimiz zarur, zero, ular odil sudlov prinsiplariga mutlaqo ziddir.
Davlatimiz rahbari 2022 yil 20 iyunda Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvdagi nutqida taʼkidlaganidek: “Prezident Xalq qabulxonalariga kelayotgan ko‘plab murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, huquq-tartibot organlari tomonidan shaxs qo‘lga olinganida, u nima uchun ushlangani va qanday huquqlarga ega ekani tushuntirilmaydi. Natijada gumon qilinuvchining huquqlari ushlangan dastlabki vaqtdayoq xavf ostida qoladi. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida ko‘plab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks ettirilgan “Miranda qoidasi”ni qo‘llash lozim. Yaʼni shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishi shart. Ana shu qoidani Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yishning vaqt-soati keldi”.
“Miranda qoidasi”ning konstitutsiyaviy mustahkamlanishi jinoyat ishi xolis tergov qilinishi va tergov organlari tomonidan har qanday g‘ayriqonuniy harakatlar va taqiqlangan usullar qo‘llanilishining oldini oladi. Mazkur qoidaga ko‘ra, shaxsning huquqlari u yaxshi tushunadigan tilda tushuntirilishi talab etiladi. Bu aynan uning ona tili bo‘lishi shart bo‘lmay, shaxs odatda muloqot qiladigan va yaxshi tushunadigan til bo‘lishi kerak. Ushbu qoida ushlangan shaxsga uning huquqlari real taʼminlanishini kafolatlaydi va unga nisbatan tergov organlari tomonidan aldov, noto‘g‘ri maʼlumot berish va boshqa har qanday qonunga xilof usullar qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Shaxsning sukut saqlash huquqi inson huquqlariga oid nufuzli xalqaro hujjatlarda ham aks etgan. Mazkur kafolat Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 14-moddasidagi “o‘ziga o‘zi qarshi ko‘rsatuv berishga yoki o‘zini aybdor deb tan olishga majbur kilinmaslik” qoidasida yana-da rivojlantirilgan.
Mazkur talab qator davlatlar konstitutsiyalarida (Niderlandiya, Ispaniya, Gretsiya, Xorvatiya, Sloveniya, Rossiya, Gruziya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova va boshqalar) mustahkamlangan.
Masalan, AQSH Konstitutsiyasi 5-qo‘shimchasida birorta shaxs hech bir jinoyat ishi bo‘yicha o‘ziga qarshi ko‘rsatma berishga majbur qilinishi mumkin emasligi belgilangan.
Buyuk Britaniyada ushlash va hibsga olishga oid alohida qonunga binoan, politsiya xodimi shaxsni ushlagan vaqtda: “Siz biror narsa gapirishga majbur emassiz. Lekin keyinchalik sudda aytishni ko‘zlayotgan gapingizni so‘roq vaqtida aytmasangiz, bu sizning himoyalanishingizga zarar berishi ehtimoli bor. Nimaiki gapirsangiz, barchasi dalil sifatida ishlatilishi mumkin”, deya shaxsga huquqlarini tushuntiradi.
Yevropa Ittifoqi davlatlarida esa universal shakl – ushlangan shaxslarga ushlanishi bilan darhol qo‘liga protsessual huquqlariga oid xabarnoma topshiriladi, bu tartib IEga aʼzo deyarli barcha davlatlarida amal qiladi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishga majbur emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Bu yangi konstitutsiyaviy qoida nimani anglatadi? Jinoyat bo‘yicha isbotlash majburiyati alohida masʼul mansabdor shaxslarga yuklatilgan. Yaʼni dastlabki tergovda shaxsga nisbatan ayblov tergovchi tomonidan eʼlon qilinadi, sud muhokamasida esa ayblovni davlat ayblovchisi qo‘llab-quvvatlaydi. Aynan shuning uchun ham shaxsning aybli yoki aybsizligini isbotlash faqat mazkur mansabdor shaxslar zimmasida. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi isbotlash jarayonida ishtirok etishga majbur emas. Agar istasa, shaxs ushlangan vaqtidan to hukm chiqarilgunga qadar umuman sukut saqlashi mumkin – bu uning huquqi.
Yaʼni jinoyatda gumonlanayotgan yoki ayblanayotgan shaxs tergovchiga “Aybdor yoki aybsizligimni isbotlashga majbur emasman, bu sizning majburiyatingiz!” deyishga to‘la haqlidir. Albatta, oddiy turmushimizda bunday vaziyatni tasavvur qilishimiz ancha mushkul. Lekin aslida aybsizlik prezumpsiyasining mazkur qoidasi har bir shaxsga aynan shunday dadil pozitsiyada bo‘lishni kafolatlaydi.
Tergov amaliyoti ko‘rsatadiki, odatda shaxs ushlanganda yoki unga nisbatan jinoyat ishi ochilganda u og‘ir ruhiy holatga tushadi, o‘zini yo‘qotib qo‘yadi va o‘z huquqlarini to‘liq anglay olmaydi. Bunday murakkab ruhiy holatda jinoyatda aybi borligini isbotlash o‘zining emas, tergov organlarining vazifasi ekanini tushunmagan fuqarolarimiz o‘ziga qarshi ko‘rsatmalar berishi, afsuski, hayotimizda ko‘plab uchraydigan holatdir.
Aynan shuning uchun ham shaxs o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi qoidasining konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi tergov organlari tomonidan shaxsni majburlash yoki unga har qanday bosim o‘tkazish kabi salbiy holatlardan himoya qiladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mustahkamlanayotgan yana bir muhim kafolat – har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilinishi huquqiga ega ekanini alohida eʼtirof etish zarur.
Mazkur ajralmas huquqlar borasida so‘z ketganda, albatta, xalqaro darajada umumeʼtirof etilgan hujjat - shaxs erkinligini taʼminlash yo‘lida o‘ziga xos yangi davrga asos solgan “Xabeas korpus akt” instituti ahamiyatini taʼkidlash joiz.
“Xabeas korpus” (lot. habeas corpus) – “tanani sudga keltirish”, yaʼni jinoiy taʼqibga uchragan fuqaroning adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqining tarixan eng qadimiy () eʼtiroflaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekistonda “Xabeas korpus” instituti 2008 yildan tatbiq etilgan bo‘lib, uning qo‘llash doirasi yillar davomida izchil kengaytirilib
bormoqda, tergov jarayoni ustidan sud nazorati qatʼiy ravishda kuchaytirilmoqda.
Xususan, 2008-2016 yillarda qator protsessual majburlov choralarini (qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish, amnistiya aktini qo‘llashga oid iltimosnomani ko‘rib chiqish, uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi) qo‘llash vakolati sudlarga berilgan.
Birgina qamoq ehtiyot chorasining sudlar tomonidan qo‘llanilishi amaliyotidan misol keltirsak, 2022 yilda tergov organlaridan sudlarga kelib tushgan jami 24 ming 118 ta iltimosnomadan 23 ming 503 tasi qanoatlantirilgan, 485 tasi esa rad etilgan, yaʼni 485 shaxsga nisbatan asossiz ravishda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilishining oldi olingan.
2017-2021 yillarda sud nazorati doirasi yana-da kengaytirilib, shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini cheklashga oid qator tergov va protsessual harakatlarga (pasportning amal qilishini to‘xtatib turish, ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish, murdani eksgumatsiya qilish, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish) sanksiya berish sudlar vakolatiga o‘tkazildi.
Shuningdek, 2021 yilda ushlab turish muddati shaxs amalda ushlangan, yaʼni erkin harakatlanishga bo‘lgan huquqlarning haqiqiy cheklangan paytdan eʼtiboran ko‘pi bilan qirq sakkiz soatni tashkil etishi belgilanishi “Xabeas korpus” institutining milliy qonunchiligimizda yana-da mustahkam ifoda topishini taʼminladi.
Jinoyat ishi yurituvida shaxsiy daxlsizlik huquqlarini cheklashga oid bunday harakatlar ustidan sud nazorati o‘rnatilgani jinoyat protsessida sudning tergov organlariga nisbatan mustaqilligi, xolisligi va beg‘arazligi mohiyati bilan izohlanadi va jinoyat protsessida tortishuv prinsipini kuchaytirishni nazarda tutadi.
“Xabeas korpus akt” instituti doirasini kengaytirish jarayonining mantiqiy davomi sifatida endi xususiy mulk daxlsizligi va shaxsiy hayot daxlsizligini cheklashga oid tergov harakatlarining barchasi (telefon va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali so‘zlashuvlarni eshitib turish, tintuv, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, mol-mulkni xatlash) faqat sudning ruxsati bilan o‘tkazilishi tartibi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanmoqda.
Yangi tahrirdagi konstitutsiyaviy normaga binoan, mazkur huquqlarning cheklanishiga faqat qonunda belgilangan hollarda va tartibda, sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.
Konstitutsiyamizning yangi tahririga ko‘ra, mazkur qoida bilan fuqarolarning shaxsiy hayot, uy-joy va xususiy mulk daxlsizligi huquqlari yana-da mustahkamlanmoqda.
Endi tergovchi, surishtiruvchi va prokuror tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvlarini eshitish va mulkni xatlash zaruratini sudga asoslantirishi kerak bo‘ladi.
Shaxsning konstitutsiyaviy daxlsizlik huquqini cheklashga oid bu harakatlar sud ruxsati bilan amalga oshirilishi natijasida tergov davrida fuqarolarning mulk, turar joy va shaxsiy hayotga oid maʼlumotlari daxlsizligi asossiz buzilishining oldi olinadi. Zero, sudning jinoyat ishi yuzasidan hech bir idoraviy yoki boshqa manfaati yo‘qdir, u betarafdir.
Daxlsizlik huquqlariga oid mazkur kafolatlar qator xalqaro xujjatlarda ham mustahkamlangan. Jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 12-moddasida “hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish, uy-joyi daxlsizligiga, uning yozishmalaridagi sirlarga yoki uning nomus va shaʼniga o‘zboshimchalik bilan tajovuz qilinishi mumkin emas”ligi belgilangan.
Fuqaroviy va siyosiy huquqlar bo‘yicha xalqaro paktning 17-moddasida “hech kim o‘zining shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik yoki noqonuniy tarzda aralashishga, o‘zining uy-joyi yoki yozishmalari siri daxlsizligiga o‘zboshimchalik yoki noqonuniy tarzda tajovuz qilinishiga yoki uning or-nomusi va shaʼniga noqonuniy tajovuz kilinishiga duchor etilishi mumkin emasligi va har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzlardan qonun orqali himoya etilish huquqiga ega”ligi eʼtirof etilgan.
Shuningdek, 1950 yil 4 noyabrdagi Yevropa inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyaning 8-moddasiga ko‘ra, “har kim o‘z shaxsiy va oilaviy hayoti, uy-joyi va yozishmalari hurmat qilinishi huquqiga egadir”.
Mazkur kafolatlar rivojlangan davlatlar konstitutsiyalarida ham mustahkamlangan. AQSH Konstitutsiyasining 6-qo‘shimchasida hech bir shaxs qonuniy sudda ko‘rilmay, hayoti, erkinligi yoki mulkidan mahrum etilishi mumkin emasligi belgilangan.
Yangi tahrirdagi Bosh qonunimizda “Xabeas korpus” institutining mantiqiy izchillikda kengaytirilishi orqali shaxsiy hayot, xususiy mulk va uy-joy daxlsizligi himoyalanishi hamda sudning qarorisiz mazkur huquqlardan mahrum etilishga yo‘l qo‘yilmasligining belgilanishi fuqarolarimizning daxlsizlik kafolatlari qatʼiyligini mustahkamlaydi.
Shuningdek, mazkur konstitutsiyaviy kafolatlar sud-tergov jarayonlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlarni noqonuniy harakatlardan tiyib turishga, ular tomonidan fuqarolarning shaxsiy hayot daxlsizligiga oid huquqlarining o‘zboshimchalik bilan buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikka, shaxsning yashash joyiga asossiz kirish, uy-joy daxlsizligini buzish, fuqarolarni mulkidan asossiz mahrum etilishi holatlarini bartaraf etishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu konstitutsiyaviy yangilanishlar orqali tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida shaxs huquqlariga oid tergov xatolariga yo‘l qo‘yilmasligi hamda fuqarolarimizning sudlarga bo‘lgan qatʼiy ishonchini oshirishga erishiladi.
Bosh qonunimizga kiritilayotgan yangi kafolatlar butun jahon eʼtirof etgan “oltin qoidalar” bo‘lib, ularning konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi fuqarolarimizning huquq va erkinliklari himoya qilinishining yangi va ishonchli mexanizmini ishga soladi. Shuningdek, bu progressiv qoidalar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda qatʼiylashtirilishi fuqarolarimizni asossiz va qonunga xilof jinoiy taʼqibdan himoya qiladi, tergov organlari tomonidan jinoyatda ayblanayotgan shaxslar huquqlari buzilishining oldini oladi.
Surayyo Rahmonova,
yuridik fanlar doktori, professor