Служит для развития конкуренции и защиты прав потребителей

Mamlakatimizda ixcham va professional davlat boshqaruvi tizimini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar davom etyapti. Bu jarayonda maʼmuriy islohotlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini yangilangan talablar va tamoyillar asosida tashkil etishga alohida eʼtibor berilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Farmonga muvofiq, islohotlarning birinchi bosqichi doirasida 2023 yil 1 yanvardan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirish to‘g‘risidagi taklif qabul qilindi.
Belgilangan tamoyilga ko‘ra, qo‘mita shaklidagi davlat organlari ikki toifaga, yaʼni tegishli soha ichidagi tarmoq faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va tartibga soluvchi hamda tizimdagi rahbariy ishlarni kollegial asosda tashkil etadigan, shuningdek, vazirlikning tashkiliy bo‘ysunuvida faoliyat yuritadigan hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq, alohida maqomga ega hamda bevosita O‘zbekiston Prezidenti va (yoki) Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga ajratildi.
Ijro etuvchi hokimiyat organlari, jumladan, rahbar lavozimlardagi kadrlar 30 foizgacha maqbullashtirilmoqda. Respublika ijro etuvchi hokimiyati organlarining vazifalari ham tartibga solinib, kamida 10 foiz kamaytiriladi. Rahbarlar faoliyatiga fuqarolarning takliflari asosida tuzatishlar kiritilyapti, ularning jamoatchilik oldidagi hisobdorligi kuchaytirilyapti va boshqa yangiliklar joriy etilyapti.
Mazkur farmonga binoan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi negizida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tashkil etilib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining funksiyalari ham uning zimmasiga yuklatildi.
Qo‘mitamizning 2022 yildagi faoliyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 19 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. Shundan 3 ta qonun, Prezidentning 4 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 9 ta qarori loyihalari va qo‘mitaning 3 ta idoraviy hujjati tayyorlandi.
Xususan, qo‘mita tomonidan xalqaro ekspertlar ko‘magida tayyorlangan yangi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullandi.
Qonun hujjatlari loyihalarining raqobatga taʼsirini baholash (ex-ante) maqsadida vazirlik va idoralar tomonidan kiritilgan 451 ta hujjat ekspertizadan o‘tkazilgan, ularning 49 foizida raqobatni cheklovchi normalar aniqlangan va ularni chiqarib tashlash bo‘yicha xulosalar kiritilgan.
Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati hamda davlat boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilingan amaldagi normativ-huquqiy va boshqa qabul qilingan hujjatlar (ex-post) raqobatga taʼsirini baholash maqsadida xatlovdan o‘tkazildi. Bu jarayonda 76 ta mahalliy davlat hokimiyati hamda 9 ta davlat boshqaruvi organining hududiy bo‘linmalari tomonidan raqobatni cheklovchi 521 ta qaror va hujjat qabul qilingani aniqlandi va ularni bekor qilish bo‘yicha choralar ko‘rildi.
Amaldagi qonunga muvofiq, xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda afzalliklarga ega bo‘lishiga qaratilgan, qonunchilikka, ish muomalasi odatlariga zid bo‘lgan hamda boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga (raqobatchilarga) zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan yoxud ularning ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan yoki putur yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlari insofsiz raqobat deb baholanadi.
Qo‘mita va uning hududiy organlari tomonidan 633 ta holatda insofsiz raqobat holatlari aniqlanib, mazkur qonun buzilishlarini bartaraf etishga qaratilgan ko‘rsatmalar berildi.
Raqobat muhitida o‘zining bozordagi mavqeini saqlab qolish va mustahkamlash uchun tadbirkor doimiy ravishda o‘z ustida ishlashga — tovar tannarxini pasaytirish yo‘llarini izlash, innovatsion yechimlar va marketingni joriy etish, reklama qilishga majbur bo‘ladi. Shuning uchun amaliyotda ayrim tadbirkorlar raqobatdan ko‘ra, o‘zaro “til biriktirib” ishlashni afzal ko‘radi. Raqobatchilar tomonidan narxlarni o‘zaro kelishgan holda belgilash, oshirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha kelishuvlar “kartel kelishuvi” (til biriktirish) deb nomlanadi. Bunday o‘zaro munosabatlar ularga “xufiyona” tarzda ustun ravishda harakatlanish imkonini beradi. Shu bilan birga, amaliyotda bunday kartel kelishuvlari yashirin tarzda amalga
oshirilishi sababli ularni aniqlash o‘ta murakkab vazifa sifatida qolmoqda.
Tovar, moliya va raqamli bozorlarda yurtimizda raqobat muhitini baholash, shuningdek, mahalliy mahsulotlar bilan to‘yinganlik darajasini aniqlash maqsadida qo‘mita tomonidan 262 ta tovar va xizmatlar bozori tahlil qilindi. Bu jarayonda sement, mineral o‘g‘it, elektr hisoblagichlar, chinni-fayans mahsulotlar, sug‘urta xizmatlari bozorlari, qo‘riqlash, tadbirkorlik subyektlarining fiskal maʼlumotlarini soliq tizimi bilan integratsiya qilish, onlayn taksi agregatorlari xizmatlari, tabiiy monopoliya subyektlarining monopollashgan yondosh bozorlarni chuqur o‘rganishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tahlil natijalari bo‘yicha 15 ta tovar va moliya bozorida yetarlicha raqobat shakllangani sababli monopoliya holatidan chiqarilgani, aksincha, 7 ta shunday bozorda ustun mavqega ega korxonalar mavjudligi aniqlandi. Umuman olganda, bugungi kunda raqobat yetarli darajada rivojlanmagan 97 ta tovar va moliya bozorida ustun mavqega ega 85 ta korxona va shaxslar guruhi faoliyat yuritmoqda.
So‘nggi yillarda tabiiy monopoliya subyektlari sonini 151 tadan 129 taga qisqartirishga erishildi. 2022 yilda yirik davlat monopoliyalari, tabiiy monopoliya subyektlarining davlat reyestriga kiritilgan 134 ta xo‘jalik yurituvchi subyektning 11 ta xizmat turi bo‘yicha faoliyati ustidan monitoring olib borildi. Ushbu subyektlarning 70 foizi davlat ishtirokidagi korxonalar, qolgan qismi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keldi.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishi samaradorligi va hisobdorligini oshirgan holda, yangi O‘zbekistonni barpo etish, iqtisodiy o‘sish, sog‘lom raqobat muhitini va tadbirkorlarning bozorlarga erkin kirishini taʼminlash hamda fuqarolar manfaatlarini himoya qilish va aholi farovonligini yana-da yaxshilashga qaratilgan islohotlarga o‘zining munosib hissasini qo‘shishda davom etadi. Bunda ixcham va yaxlit davlat boshqaruvi tizimining yo‘lga qo‘yilishi faoliyatimiz natijadorligini taʼminlashda yetakchi kuchga aylanadi.
Farrux Qoraboyev,
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini
himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari