O‘zbekiston-Belarus hamkorligini yanada mustahkamlash istiqbollari Belarus ommaviy axborot vositalari diqqat markazida

MINSK, 26-noyabr. /«Dunyo» AA/. Belarusning qator yetakchi nashrlari veb-saytlarida, shuningdek, MDH Internet-portalida O‘zbekiston-Belarus hamkorligiga oid turkum maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Materiallarda, xususan, Gomel viloyati va O‘zbekistonning agrosanoat kompleksi sohasidagi hamkorligi, mamlakatimiz kino ustalari delegatsiyasining «Listapad» kinofestivalidagi ishtiroki, Belarus mudofaa vazirining O‘zbekistonga tashrifi, ikki mamlakat turizm sanoati va ta’lim sohasidagi aloqalari haqidagi axborotlar o‘quvchilar e’tiboriga havola qilingan.
Jumladan, «BelTA» axborot agentligi tomonidan e’lon qilingan materialda Gomel viloyati ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Andrey Konyushko va O‘zbekistonning Belarusdagi Muvaqqat ishlar vakili Rahmatulla Nazarov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda turli yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilingani qayd etilgan.
«Minsk-Novosti» agentligi veb-saytida e’lon qilingan maqolada O‘zbekiston kino ustalari delegatsiyasi «Listapad» kinofestivalida muvafaqqiyatli ishtirok etgani xabar qilingan. «O‘zbekiston delegatsiya «Listapad» XXVII Minsk xalqaro kinofestivalida eng ko‘p vakil bilan qatnashdi, - deya qayd etiladi maqolada. - Kinofestivalda o‘zbek delegatsiyasi Belarusda suratga olingan filmlar va epizodlarni ham taqdim etdi”.
«Belarus segodnya» nashri saytida e’lon qilingan maqolada qayd etilishicha, Belarus mudofaa vaziri Viktor Xrenin O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida mamlakatimiz mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov bilan muzokaralar olib borgan. «Tomonlar hamkorlikning bugungi holatini muhokama qilib, o‘zaro manfaatli sohalarda aloqalarni yanada chuqurlashtirish yo‘llarini belgilab oldi. Bundan tashqari, O‘zbekiston va Belarus mudofaa vazirliklari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik rejasi tasdiqlandi», - deb yozadi «Belarus segodnya».