Farg‘ona va Gomel viloyatlari o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik masalalari muhokama qilindi

MINSK, 15-dekabr. /"Dunyo" AA/. O‘zbekistonning Minskdagi elchixonasi ko‘magida Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Iqboljon Ergashev va Gomel viloyati (Belarus) iqtisodiyot qo‘mitasi raisi o‘rtasida videokonferensaloqa shaklida muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Onlayn-tadbirda hududlararo hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar muhokama qilinib, o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Tomonlar qo‘shma savdo uylarini tashkil etish, “Qo‘qon” va “Gomel-Raton” erkin iqtisodiy zonalari korxonalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish va hududiy ko‘rgazmalar tashkil etish orqali o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish imkoniyatlarini qayd etdi.
Shuningdek, sarmoyaviy hamkorlik sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlar, jumladan, go‘sht-sut, qandolat va mebel, yengil sanoat va qishloq xo‘jaligi mashinasozligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalariga ham aniqlik kiritildi.
Tomonlar texnoparklar tashkil etish, IT-mutaxassislarini tayyorlash, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlariga elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tajriba almashish orqali raqamli texnologiyalarni joriy etish sohasida o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.