Investitsion loyihalarni amalga oshirishda O‘zbekiston-Belarus hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi

MINSK, 16-dekabr. /"Dunyo" AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Nodir Nurmatov va Belarusning “Ekspert” sanoat-investitsiya guruhi” kompaniyasi direktori Dmitriy Detskiy o‘rtasida muzokaralar onlayn shaklda bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda Belarusning ilg‘or texnologiyalarini jalb etgan holda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Kompaniya O‘zbekistonda chorvachilik va sut mahsulotlari komplekslari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarini tashkil etish loyihalarini amalga oshirishda bosh pudratchi va moliyaviy hamkor sifatida ishtirok etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Muzokaralarda O‘zbekistonda agrosanoat majmuasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, investorlarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun berilayotgan imkoniyatlar, istiqbolli dastur va loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Onlay-tadbirda Do‘stlik va Yangiobod tumanlarida chorvachilik klasterlarini tashkil etish, investitsiya loyihalarini hayotga tadbiq etish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi.