O‘zbekiston-Belarus universitetlararo onlayn-muloqoti doirasida taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi

MINSK, 20 dekabr. /“Dunyo” AA/. Belarus taʼlim vazirligining “Xalqaro aloqalar markazi” gumanitar-taʼlim unitar korxonasida “Zamonaviy sharoitlarda taʼlim sohasida Belarus-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Minskdagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan onlayn-tadbirdan ko‘zlangan maqsad ikki davlat oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Anjumanda Belarus Milliy assambleyasi Vakillar palatasining xalqaro masalalar bo‘yicha doimiy komissiyasi aʼzosi, O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha ishchi guruh aʼzosi Sergey Dik, ikki davlat oliy bilim yurtlari vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro aloqalar markazi direktori Aleksandr Samuylich Prezident Aleksandr Lukashenkoning 2018 yilda O‘zbekistonga, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yilda Belarusga tashriflari yakunlari ikki tomonlama hamkorlikni barcha sohalarda rivojlantirishga kuchli turtki berganini, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi sahifa ochganini va ularni aniq amaliy mazmun bilan to‘ldirganini alohida taʼkidladi.
O‘zaro manfaatli hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari qatori madaniy-gumanitar aloqalar, jumladan, ilm-fan, texnika va taʼlim sohasidagi o‘zaro hamkorlik jadal rivojlanayotgani qayd etildi. Natijada bugungi kunda ikki davlatning 40 dan ortiq ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida turli yo‘nalishlarda hamkorlik qilish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.
Belarus parlamenti quyi palatasi deputati Sergey Dik ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va oliy taʼlim sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga batafsil to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekistonda taʼlim tizimini yana-da rivojlantirish, undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, yoshlarga sifatli taʼlim-tarbiya berish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuksak baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etib, bunga shaxsan o‘zi ham ishonch hosil qilgan.
Davra suhbati yakunlari bo‘yicha ushbu shakldagi muloqotni muntazam davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.