O‘zbekiston va Belarus musulmonlari idoralari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

TOSHKЕNT, 21-dekabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistondagi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti huzuridagi Xalq diplomatiyasi markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston va Belarus musulmonlari idoralari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha onlayn-muloqot o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Musulmonlar idorasi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohimjon Inomov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurov, mamlakatimizning Belarusdagi elchixonasi, Xalq diplomatiyasi markazi mutassadilari va Belarus musulmonlari markaziy jamiyati raisi Abubakr Shabanovich ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida Belarus vakillariga yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli islohotlar haqida so‘zlab berildi. Shuningdek, sohadagi yangiliklar, mo‘min-musulmonlarning diniy savollariga javob beradigan «Koll-markaz», Fatvo.uz sayti va uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari, telegram bot kanallari haqida ma’lumot taqdim etildi. Yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalari, ulardagi o‘quv jarayonlari, sohada qo‘llanilayotgan zamonaviy uslub va metodlar to‘g‘risidagi taqdimot Belarus musulmonlari markaziy jamiyati vakillari tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi.
Bo‘lib o‘tgan muloqot natijasida tomonlar o‘zaro tajriba almashish, imomlar malakasini oshirishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldi.