Xalqaro mehnat tashkiloti «Cotton Campaign»ning o‘zbek paxtasiga global boykotni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorini olqishlaydi

Xalqaro mehnat tashkiloti «XMT «Cotton Campaign»ning O‘zbekiston paxtasiga baykotni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorini olqishlaydi» nomli press-relizini e’lon qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Mazkur rasmiy press-relizda ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiy sohadagi islohotlar O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan tizimli foydalanishga barham berdi.
«Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) «Cotton Campaign»ning o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan global boykotni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorini mamnuniyat bilan qabul qiladi va O‘zbekiston hukumati, tashkilotlar va ish beruvchilarni sohani isloh qilishdagi yutuqlari bilan tabriklaydi, deya ta’kidlanadi mazkur axborot materialida. Boykot 2009 yilda o‘zbek paxtasini terib olishda bolalar va majburiy mehnatdan foydalanilgani tufayli joriy qilingan edi. 331 xalqaro brendlar va chakana savdo tashkilotlari bu kampaniyaga qo‘shildi. Boykot 10 mart kuni bekor qilindi».
Hisobotda qayd etilishicha, XMTning O‘zbekistonda 2021 yilgi paxta hosilini mustaqil monitoring qilish to‘g‘risidagi hisoboti O‘zbekiston paxta yig‘im-terimi davrida tizimli majburiy va bolalar mehnatiga barham berilganligini ko‘rsatdi.
Press-relizda qayd etilishicha, XMTning xalqaro hamkorlari, o‘zbekistonlik uch tomonlama ishtirokchilar, fuqarolik jamiyati vakillari va boshqa manfaatdor tomonlar XMT bilan tizimli bolalar va majburiy mehnatni bartaraf etish hamda O‘zbekistonda munosib mehnatni ta’minlash bo‘yicha hamkorlik qilishdi.
«Cotton Campaign» inson va mehnat huquqlari bo‘yicha xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, mustaqil kasaba uyushmalari, brend va riteylerlar, mas’uliyatli investor tashkilotlari, ta’minot zanjiri shaffofligi guruhlari va akademik hamkorlarning global koalitsiyasi hisoblanadi.