20 avgust kuni Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston-Belarus hukumatlararo bitimi kuchga kiradi

TOSHKENT, 9 avgust. /“Dunyo” AA/. 2022 yil 20 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Belarus Respublikasi hukumati o‘rtasida Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitim kuchga kiradi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Shartnoma va huquq boshqarmasi maʼlumotiga ko‘ra, mazkur xalqaro shartnoma 2019 yil 1 avgustda Minsk shahriga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif doirasida imzolangan.
Mazkur bitimning 3-moddasiga muvofiq, tomonlar o‘z davlati hududida boshqa tomon davlati investorlariga investitsiyalarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni rag‘batlantiradi
va yaratadi, shuningdek, bunday investitsiyalarning kiritilishiga
o‘z davlati qonunchiligiga muvofiq ruxsat beradi.
Har bir tomon investorlarning investitsiyalariga boshqa tomon davlati hududida o‘zgarmas tarzda adolatli va teng huquqli rejim, shuningdek, to‘liq va tegishli huquqiy himoyani taqdim qiladi. Tomonlar o‘z davlati hududida boshqa tomon davlati investorlarining investitsiyalarini boshqarish, saqlash, ulardan foydalanish yoki ularni tasarruf etishga asossiz yoki kamsituvchi choralar ko‘rish orqali to‘sqinlik qilmaslik majburiyatini oladi.
2022 yil 20 iyuldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida” Qarorining 2-bandi bilan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun masʼul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilangan.