Minskda xalqaro avtomobil transporti bo‘yicha O‘zbekiston-Belarus qo‘shma komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

MINSK, 9-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Transport vazirligi delegatsiyasining Belarusga amaliy tashrifi doirasida ushbu mamlakat Transport vazirligida Xalqaro avtomobil transporti bo‘yicha ikki tomonlama qo‘shma komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida 2021 yili hamda joriy yilning olti oyi mobaynida avtomobilda xalqaro yuk tashishning holati tahlil qilindi, 2023 yil uchun ikki tomonlama, uchinchi davlatlarga yuk tashish hamda tranzit orqali o‘tish uchun ruxsatnomalar almashuvi hajmi, shuningdek, milliy yuk tashuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida muqobil transport yo‘laklarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar istiqbolda avtomobilda xalqaro yuk tashishni amalga oshirishda litsenziyalash tizimini bekor qilish bo‘yicha ish olib borishga kelishib oldilar.
Muzokaralar davomida avtomobilda xalqaro yuk tashish sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish, o‘zbek milliy tashuvchilarining malakasini oshirish, ularni ilg‘or tajriba asosida qayta tayyorlash kurslariga jalb etish yuzasidan ham fikr almashildi.
Yig‘ilish yakunida erishilgan kelishuvlarni mustahkamlash maqsadida vakolatli vakillar tegishli Bayonnomani imzolashdi.