O‘zbekiston ilk bor dunyo parlamentlari ayol rahbarlarining sammitini o‘tkazadi

Joriy yil 8-9-sentyabr kunlari Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bu haqdagi kelishuvga Venada tashkil etilgan 13-sammit chog‘ida erishildi. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva sammit ishtirokchilariga O‘zbekistonda gender tengligi sohasidagi islohotlar to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Sammitda respublikamizda xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish borasidagi salmoqli ishlar alohida qayd etildi.
Navbatdagi sammitni O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorning qabul qilingani, shubhasiz, jahon hamjamiyati tomonidan O‘zbekistonning parlamentarizmni rivojlantirish, gender siyosatida, shuningdek, jamiyatni demokratlashtirish yo‘lidagi tub islohotlar muvaffaqiyatining eʼtirofidir.
O‘zbekistonda va umuman mintaqada ilk bor tashkil etilayotgan 14-sammit “Parlamentning yetakchi roli: yana-da samarali barqarorlik va farovonlikni taʼminlashda xavf-xatarni baholash” mavzusiga bag‘ishlanadi.
Sammitdan ko‘zlangan asosiy maqsad barqarorlik va farovonlikni samarali taʼminlash uchun gender tenglikni taʼminlash hamda xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha parlamentlar uchun ustuvor yo‘nalish va xarakatlarni belgilab berishdan iboratdir.
Sammitda parlamentlararo ittifoqqa azo mamalakatlar parlamentlarining ayol rahbarlari, deputatlar va xalqaro tashkilotlardan ayol vakillar ishtirok etadi.
Sammit doirasida adolat, integratsiya va atrof-muhit muhofazasi, xotin-qizlaring reproduktiv salomatlik sohasidagi ehtiyojlari, pandemiyadan keyingi iqtisodiyotni tiklash, xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini internetda himoya qilish va targ‘ib qilish singari masalalar muhokama qilinadi.
Sammit yakunida Toshkent deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.
Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, Parlamentlararo ittifoq 1889 yilda taʼsis etilgan bo‘lib, xalqaro tashkilotlar orasida yoshi eng ulug‘i hisoblanadi. 178 davlat aʼzo bo‘lib kirgan ushbu tashkilot o‘tgan davrda tom maʼnoda parlamentlararo xalqaro birdamlikning yaqqol ifodasiga aylandi.