O‘zbekiston va Belarus chiqindilarni qayta ishlash sohasida hamkorlik qiladi

O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasi tomonidan Navoiy viloyati Zarafshon shahar hokimi Nazirbek Rahmonov va “Sifaniya-ekotexnika” xususiy korxonasi direktori Aleksandr Sobolevskiy o‘rtasida Zarafshon shahrida maishiy chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish borasida videokonferensiya uchrashuvi tashkil etildi.
Zarafshon shahar hokimi o‘z so‘zida bugungi kunda shaharda chiqindilarni qayta ishlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va bu boradagi masalalar bilan ishtirokchilarni tanishtirdi va ushbu yo‘nalishda mavjud imkoniyatlar to‘g‘risida axborot berdi.
“Sifaniya-ekotexnika” xususiy korxonasi vakillari chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha yuqori tajribaga ega ekanligi, bugungi kunda korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan uskunalar maishiy chiqindilarni 70 foizgacha chuqur qayta ishlash imkoniyatini berishi to‘g‘risida va korxona 17 ta mamlakatda o‘z uskunalarini o‘rnatib, faoliyat yuritib kelayotganligini bildirdi.
Videomuloqot yakunida “Sifaniya-ekotexnika” xususiy korxonasi vakillaridan iborat ishchi guruh shu yil yakuniga qadar Zarafshon shahriga amaliy tashrif buyurishini va yuqorida qayd etilgan yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirish istagini bildirdi.