O‘zbekiston-Belarus ishbilarmonlar kengashi majlisini tashkil etish masalalari muhokama qilindi

MINSK, 27 oktyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi xodimlari Belarus savdo-sanoat palatasi raisi Mixail Myatlikov bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yana-da chuqurlashtirish, yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Oliy va yuqori darajalarda erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini faollashtirish zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, tomonlar o‘zaro hamkorlik bo‘yicha Ikkinchi O‘zbekiston-Belarus ishbilarmonlar kengashi majlisiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish masalasi bo‘yicha fikr almashdi.
Belarus vakillari ishblarmonlar kengashi yig‘ilishini joriy yil yakuniga qadar Minsk shahrida o‘tkazish taklifini bildirdi.
- Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston-Belarus tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum tashkil etish masalasini ham ishlab chiqish kerak, - dedi Mixail Myatlikov.
Muloqot chog‘ida, shuningdek, O‘zbekiston-Belarus ishbilarmonlar kengashi majlisi o‘tkaziladigan kunlari ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari huzuridagi Arbitraj sudlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish uchun alohida muzokaralar tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.