MARKAZIY OSIYO-YEVROPA O'ZARO ALOQALARI: O'TMISHGA NAZAR

Insoniyat tarixida Yevropa va Osiyo tamaddunlari o‘rtasidagi tarixiy, madaniy-gumanitar, savdo-iqtisodiy va etnosiyosiy hamkorlikka oid misollar juda ko‘p. Qadim zamonlarda va o‘rta asrlarda Atlantika okeanidan Tinch okeani qirg‘oqlarigacha cho‘zilgan, butun Osiyo qit’asini kesib o‘tgan va O‘rta yer dengizi bo‘ylaridagi mamlakatlarni Uzoq Sharq bilan bog‘lagan Buyuk ipak yo‘li bunga yorqin misol bo‘la oladi. Bu shunchaki yo‘l yoki okeanlar oralig‘idagi yo‘llar yig‘indisi bo‘lmagan, albatta. Bu G‘arb va Sharq o‘rtasidagi turli xalqlarning tinchlikka va hamkorlikka bo‘lgan intilishiga, g‘oyalar, texnologiyalar, hunarlar va e’tiqodlar almashinuviga xizmat qilgan o‘ta murakkab madaniy-iqtisodiy tizim edi.
Karvon yo‘llari, ayniqsa, Markaziy Osiyoni o‘rgimchak to‘riday qoplab olgan edi. Ushbu mintaqadan Xitoyni Rim imperiyasi va Yevropa davlatlari, Kichik Osiyo va Fors o‘lkasi bilan bog‘lagan o‘nlab savdo yo‘llari o‘tgan.
Bu yerda juda muhim etnik jarayonlar, faol madaniy aloqalar kechgan, yirik savdo munosabatlari amalga oshirilgan, diplomatik bitimlar, harbiy ittifoqlar tuzilgan. Qayd etish joiz, o‘sha davrlarda butun Ipak yo‘li bo‘ylab so‘g‘dlar hal qiluvchi bo‘g‘in hisoblangan. Ularning tili VIII asrgacha «lingua for trassa», ya’ni «savdo tili» sifatida xizmat qilgan.
Turli madaniyatlar birlashuvining yana bir bosqichi sifatida Aleksandr Makedonskiyning yurishlari bilan bog‘liq ellinizm davrini e’tirof etish mumkin. Bu davrda qadim yunon madaniyati tarqalib, Sharq, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo va Fors merosi bilan uyg‘unlashgan.
Baribir, Markaziy Osiyo va Yevropa hamkorligining eng yorqin bosqichi Amir Temur nomi va u hukmronlik qilgan davr bilan chambarchas bog‘liq. Buyuk Sohibqiron davlati ko‘plab Yevropa hukmdorlarining nigohini o‘ziga qaratgan va butun dunyoda kechayotgan voqealarga sezilarli ta’sir o‘tkazgan. Yevropa monarxlari va yetakchilari ulkan imperiya yaratgan hukmdor bilan diplomatik aloqa bog‘lashga, yozishmalar olib borishga harakat qilgan.
Shunday yozishmalarning ayrimlari, xususan, Amir Temurning Fransiya Qiroli Karl VI (1380-1422 yillar)ga yo‘llagan ikki maktubi saqlanib qolgan. 1402 yil avgust oyida Yevropaga jo‘natilgan bu xatlar Sultoniya katolik arxiyepiskopi Ioann III tomonidan manzilga yetkazilgan. Ushbu nomalarda Amir Temur Fransiya bilan muntazam savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan.
Karl VI Amir Temurga yozgan javob maktublaridan faqat bittasi (1403 yil 15 iyun sanasida yuborilgani) bizning davrimizgacha yetib kelgan. Maktubda Fransiya va Amir Temur davlati o‘rtasida savdo-sotiqni rivojlantirish masalasiga salmoqli o‘rin ajratilgan. Karl VI va Amir Temur yozishmalaridan ko‘rinib turibdiki, har ikki hukmdor savdo shartnomalari tuzishdan manfaatdor bo‘lgan. 1405 yil fevralda Amir Temurning vafot etishi boshlangan ishlarning oxiriga yetkazilishiga xalaqit qildi.
Amir Temur va uning o‘g‘li Mironshoh Angliya bilan ham diplomatik yozishmalar olib borgan. Angliya qiroli Genrix IV (1399-1413 yillar)ning lotin tilida yozgan, Temur va Mironshohga yuborilgan ikkita xat hozirgacha saqlangan. Bu ikki qudratli hukmdor o‘rtasida ham yuqorida tilga olingan Sultoniya arxiyepiskopi Ioann vositachilik qilgan.
Genrix IV o‘z murojaatida katoliklarga nisbatan o‘zgarmas do‘stona va ezgu munosabati, «xristian savdogarlar xavfsizligini ta’minlagani» uchun Mironshohga minnatdorlik bildiradi.
Angliya qiroli o‘z xatida «ulug‘ hukmdor bundan keyin ham katoliklarga panoh bo‘lishda davom etishi, bu yo‘ldan qaytmasligi»ga ishonishda davom etishini ma’lum qiladi.
Amir Temur bilan zamondosh bo‘lgan Yevropa hukmdorlari orasida, ayniqsa, Kastiliya va Leonning yosh qiroli Genrix III de Trastamara (1390-1407 yillar) Sharqqa alohida qiziqish bildirgan. O‘zining Kichik Osiyoga muvaffaqiyatli yurishi davomida Amir Temur juda ko‘p elchilar qatorida kastilyaliklarni ham samimiy qabul qilgan. Ular o‘z yurtlariga Amir Temurning elchisi, Qirol huzurida unga o‘z hukmdorining maktubini yetkazgan Muhammad Qoziy bilan birga qaytgan.
Amir Temurning do‘stona munosabati Genrix III tomonidan javob tariqasida «ikki davlat o‘rtasida paydo bo‘lgan do‘stlikni mustahkamlash maqsadida» elchixona ta’sis etishga undaydi. Ushbu diplomatik mahkamaga Rui Gonsales de Klavixo rahbar etib tayinlanadi. 1404 yil 8 sentyabr kuni Samarqandga yetib kelgan Ispaniya elchixonasi xodimlarini Amir Temur «Dilkusho» bog‘ida qabul qiladi. Klavixoning «Kundaligi» Amir Temurning 1370-1404 yillar mobaynidagi tashqi siyosatini o‘rganishda juda qimmatli manba hisoblanadi.
Afsuski, Amir Temur vafotidan so‘ng Sohibqiron tomonidan asos solingan G‘arbiy Yevropa bilan savdo-diplomatik aloqalar davlatlararo ko‘lamda, talab darajasida rivojlanishdan to‘xtadi. Shunday bo‘lsa-da, savdo-sotiq, ilm-fan, tadqiqot va boshqa qator yo‘nalishlarda munosabatlar davom etdi.
1558-1560 yillarda Samarqand, Buxoro va Xorazmga safar qilgan moskvalik diplomat Antoniy Jenkinson tomonidan o‘sha davrlarda Markaziy Osiyoga kelgan angliyaliklar haqida ma’lumotlar yozib qoldirilgan. Uning sayohatidan ko‘zlangan asosiy maqsad Hindistonga aynan bizning mintaqamizdagi xonliklar orqali eng yaqin va qulay yo‘l qidirishdan iborat edi.
1740 yil «Rus kompaniyasi» yo‘nalishida tarkibida 2 nafar Angliya josusi – Georg Tompson va Regnald Xogg bo‘lgan ekspeditsiya Xiva va Buxoroga yo‘l oladi. Ularning maqsadi savdo aloqalari ko‘lamini kengaytirish imkoniyatlarini qidirish va kontragentlardan qarzlarni qaytarishdan iborat bo‘lgan. Bu ikki shaxs Xivaga eson-omon yetib oladi, muayyan sabablarga ko‘ra, Buxoroga faqat Georg Tompson borgan.
1831-1833 yillarda diyorimizga Angliya Qirollik jamiyati a’zosi Aleksandr Boris keladi. U o‘z esdaliklarida Buxoro amirligi haqidagi fikrlarini yozib qoldirgan.
1721 yil Buxoroga Rossiyadan kelib chiqishi italiyalik Florio Beneveni kelgan. U Buxoro xonligi hududida 5 yil yashaydi va «Elchi Florio Benevenining qisqa jurnali» nomli kundalik tuzdi. Mazkur to‘plamda xonlikning ichki holati, qoidalari, xalqaro munosabatlari ketma-ketlikda qayd etilgan, suv va quruqlikdagi yo‘llar, xonlikning tabiiy boyliklari, xonlar va ularning yaqinlari, atrofidagi shaxslar, shuningdek hovlilardagi urf-odatlar, odob-axloq unsurlari haqidagi ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan.
1888 yil Aloizi ismli tadbirkor Markaziy Osiyoga fransuz-korsika pillasini olib kiradi, 1896 yilda esa Qo‘qonda pilla zavodini ochadi. 1898 yil Samarqand va Buxoroda ham pilla zavodlari faoliyat yurita boshlaydi, keyinroq Farg‘ona vodiysida, jumladan, Chustda, Namanganda birin-ketin kichik ishlab chiqarish korxonalari paydo bo‘ladi. Fransuzlar Toshkent yaqinida 70 ta to‘quv dastgohlariga ega qog‘oz-to‘qimachilik fabrikasi ochgan. Bu korxonalarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar – turfa xil rangli, bezakli matolar fuqarolar ehtiyojini qoplagan va harbiy okruglarga berilgan.
Umuman, yevropaliklarning Markaziy Osiyoga amalga oshirgan ilmiy-tadqiqot, madaniy-gumanitar missiyalari mutaxassislarda alohida qiziqish uyg‘otadi. Bu borada Arminiy Vamberining 1862–1864 yillarda Vengriya Fanlar akademiyasi mablag‘i hisobidan Eron va Markaziy Osiyo bo‘ylab, go‘yoki, darvesh sifatida qilgan safari muhim ilmiy ahamiyat kasb etadi.
1863 yil u Tehronda Makkadan Markaziy Osiyoga qaytayotgan ziyoratchilar guruhiga qo‘shilib oladi va shu tariqa Xiva, Buxoro, Samarqand va Hirotda bo‘ladi. Sharqshunos olim, til o‘rganish bo‘yicha favqulodda qobiliyat egasi bo‘lgan Vamberi mazkur hududlarga mansub ijtimoiy, siyosiy munosabatlarni, mahalliy aholining xulq-axloqi, urf-odatini kuzatadi, geografiya va statistika bilan qiziqadi, Markaziy Osiyo tarixiga oid yozma manbalarni to‘playdi.
Uning mehnatlari Buxoro amirligi tarixini o‘rganish bo‘yicha manbalarning Yevropadagi ilk muqobilidir. Vamberi bitiklarida Buxoro amirligining boy tarixi, madaniyatining o‘ziga xos xususiyatlari ochib berilgan, butun boshli hukmdorlar avlodlari, sulolalar haqidagi qimmatli ma’lumotlar ilmiy doiralar zaxirasiga kiritilgan. Tadqiqotchi o‘z ishlarini ikki yirik davrga bo‘ladi: qadimiy – Transaksoniya tarixi va yangi – Buxoro amirligi tarixi.
Fransuzlarning Markaziy Osiyo tarixiy va madaniy merosiga nisbatan ilmiy qiziqishiga ham alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq. Masalan, qator olimlar o‘z taqdirini uzoq muddatga Turkiston o‘lkasi bilan bog‘lagan. Geolog Barbat de Marni, olim va pedagog, Turkiston havaskor arxeologlar to‘garagi (THAT) hamda Rus Imperatori geografiya jamiyatining Turkiston bo‘limi (RIGJTB) a’zosi Jozef-Antuan Kastane, arxitektor, Toshkentdagi Spas-Preobrajensk sobori, Buyuk knyaz Nikolay Romanov saroyi va shu singari boshqa qator noyob inshootlar loyihalari muallifi Aleksey Benua, rassom Albert Benua shular jumlasidandir.
Xiva xonligida XIX asr oxirida «nemis orolchasi»ning paydo bo‘lish tarixi ham juda qiziq va ahamiyatli. Nemis-mennonitlarning Qrim va Volga bo‘yidan bizning hududga ko‘chishi Turkiston o‘lkasi general-gubernatori Konstantin fon Kaufmanning 1880 yil kuzidagi shaxsiy taklifi sababli ro‘y bergan.
Mennonitlarning 420 kishidan iborat 71 oilasi uchun Turkiston yangi makon bo‘lishi lozim edi, biroq 1882 yilda Kaufman to‘satdan vafot etishi ularning taqdirini o‘zgartirib yubordi. Natijada sektantlarning bir qismi Turkistonda qolishni ixtiyor etdi, 30 dan ziyod anchayin o‘ziga to‘q xonadondan iborat boshqa qismi esa Xiva xoni Said-Muhammad Rahimdan boshpana so‘raydi. Shunday qilib, 1881-1883 yillarda Janubiy Xorazmda 30 oila - 200 kishidan iborat dastlabki nemis-mennonit etnokonfessional guruhi a’zolari paydo bo‘ladi.
Keyinchalik mennonitlarga Xivadan 15 km sharqda joylashgan Oq machit qishlog‘idan 50 gektar yer ajratiladi, koloniya tarkibi asta-sekin kengayib boradi va 1904 yilga kelib 62 xo‘jalikka yetadi. Bu vaqtga kelib ko‘chmanchi aholining o‘z maktabi va qabristoni ham bor edi.
Nemis-mennonitlar Xiva xonligi madaniy hayotida faol ishtirok etgan. XX asr boshida Xiva xoni Isfandiyorning buyrug‘i bilan mahalliy duradgorlar, Moskvadan taklif etilgan arxitektor Aleksandr Roop (Aleksandr Voldemar) bilan birga, Oq machit ustalari ishtirokida mennonitlar Nurulloboy saroy majmuasi (1906-1912 yillar)ni barpo etadi. Bino Isfandiyorxonning rasmiy qabullari uchun mo‘ljallangan Yevropa uslubidagi hashamatli, 7 xonadan iborat labirintsimon ayvon shaklini oladi.
Tadqiqotchilar fikricha, mazkur inshootning me’moriy yechimi, monumental qurilish intererlarning dekorativ joylashuvi qadimiy Xorazm va Yevropa uslublari uyg‘unlashuvi, shu bilan birga XVII-XVIII asrlarga mansub G‘arbiy Yevropa san’ati namunasi - «ampir» deb nomlangan aldamchi mumtoz uslub qorishmasini o‘zida aks ettirgan.
Aleksandr Ropp rahbarligida nemis-mennonitlar ishtirokida Xivada Yevropa namunasi asosida yana ikki bino qad ko‘targan: pochta (1910 yil) va shifoxona (1911-1913 yillar).
Birinchi o‘zbek fotografi va milliy kino pioneri Xudoybergan Devonovga kasb sirlarini aynan nemis-mennonitlar vakili Vilgelm Penner o‘rgatgan.
Shunday qilib, tarixga ushbu qisqacha nazarimizdan hosil bo‘lgan xulosalar ham Markaziy Osiyo va Yevropa xalqlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tarixi o‘zining teran ildizlariga ega ekanini yaqqol isbotlaydi. Binobarin, ayni munosabatlar keng qamrovga ega: madaniy-gumanitar yo‘nalishlardan tortib, savdo-iqtisodiy va siyosiy sohalargacha.
Ushbu tarixiy rishtalar, shubhasiz, o‘z mantiqiy davomini namoyon etadi va Markaziy Osiyo hamda Yevropa davlatlari o‘rtasida konstruktiv hamkorlikni mustahkamlashning qo‘shimcha omili bo‘lib xizmat qiladi.
Azer Adigezalov, Markaziy Osiyo xalqaro instituti yetakchi ilmiy xodimi