Belarusda “Siz O‘zbekistonni bilasizmi?” xalqaro onlayn-viktorina g‘oliblariga esdalik sovg‘alari topshirildi

MINSK, 8-noyabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 4-15-iyul kunlari “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan xorijda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Siz O‘zbekistonni bilasizmi?” xalqaro onlayn-viktorinada chet davlatlarda yashayotgan, o‘qiyotgan va ishlayotgan yurtdoshlarimiz faol qatnashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Minskdagi elchixonamizdan maʼlum qilishlaricha, ushbu xalqaro onlayn-viktorinada Belarusdan muvaffaqiyatli ishtirok etib, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan hamyurtlarimiz Umarjon Olimjonov va Umidaxon Vahobovaga “Vatandoshlar” jamoat fondining esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirilgan.
Viktorinani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – chet eldagi vatandoshlar o‘rtasida xalqimiz madaniy-maʼnaviy merosi, umumbashariy tamaddun va ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini keng targ‘ib etish, vatandoshlarimizning o‘zbek tili, xalqimiz madaniyati, anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, xorijliklarda o‘zbek madaniyatiga hurmat va eʼtiborni kuchaytirish, xalqaro jamoatchilik orasida O‘zbekistonning ijobiy imijini mustahkamlashdan iborat.