O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yangi tayinlangan elchilarni qabul qildi

24 noyabr kuni xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi elchisi Kim Xi Sang, Qirg‘iz Respublikasi elchisi Musa Jamanbayev, Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi elchisi Bumediyen Gennad, Qozog‘iston Respublikasi elchisi Beybut Atamkulov, Amerika Qo‘shma Shtatlari elchisi Jonatan Xenikdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.
Davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarni samimiy qutlab, O‘zbekistonda diplomatik missiyasini boshlagani bilan tabrikladi.
Mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq kuchli demokratik huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli va muqarrar tus olgan islohotlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy vaziyatda O‘zbekiston o‘zaro ishonch va hurmat, manfaatli hamkorlikka asoslangan vazmin tashqi siyosat yuritib, barcha davlatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlab kelmoqda. Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa va Amerika davlatlari, arab-musulmon mamlakatlari bilan aloqalar yangi bosqichga chiqdi.
Nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, global moliya institutlari bilan sheriklik kengayib bormoqda. Yaqinda Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari yuqori darajada o‘tdi.
Mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini chuqurlashtirish, xususiy sektorni faol qo‘llab-quvvatlash, xorijiy sarmoya va texnologiyalarni keng jalb etishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. Bularning natijasida so‘nggi 5 yilda iqtisodiyotimizdagi xorijiy investitsiyalar hajmi 10 baravar oshib, 40 milliard dollarga yaqinlashdi.
Davlatimiz rahbari yangi elchilar vakillari bo‘lgan davlatlar bilan har tomonlama va uzoq muddatli hamkorlikning istiqbollariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari o‘zaro strategik sheriklikning yangi sharoitida O‘zbekiston savdo va investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, energetika, ta’lim, innovatsiya, sog‘liqni saqlash kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining yaqinda bo‘lib o‘tgan birinchi yig‘ilishida Amerika kompaniyalari vakillari ham qatnashgani yangi loyihalarga yo‘l ochishiga ishonch bildirildi.
Shuningdek, “S5+1” formatidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni hamda Afg‘oniston bo‘yicha muloqotlarni izchil davom ettirish mintaqamizning umumiy barqarorligiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Marosim yakunida O‘zbekiston Prezidenti elchilarning mas’uliyatli va sharafli faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi. Mamlakatimiz bilan hamkorlikni mustahkamlash, hali ishga solinmagan salohiyatni ro‘yobga chiqarish, yangi “o‘sish nuqtalari”ni topish borasida faol va tashabbuskor bo‘lishga chaqirdi.
Elchilar samimiy qabul va samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga bor bilim va kuch-g‘ayratini yo‘naltirishini qayd etdilar.