"Yangi O'zbekiston - o'zgaruvchan va o'zaro bog'liq dunyoda ishonchli hamkor"

O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mazkur mavzuda davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Vazirlik rahbariyati, Toshkent shahrida akkreditatsiyadan o'tgan xorijiy davlatlar diplomatik missiyalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, O’zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari ishtirok etdi.
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov o'z nutqida Yangi O'zbekiston tashqi siyosatida erishilgan muvaffaqiyatlar yutuqlari haqidagi ma'lumotlarni taqdim etdi.
Davra suhbatida Ozarbayjon, Jazoir, Germaniya, Hindiston, O’mmon, Koreya Respublikasi, Ruminiya, Tojikiston, Yaponiya elchixonalari, shuningdek, BMT va YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonalari rahbarlari ma'ruza qildilar.
Vladimir Norov: "Birgalikda Markaziy Osiyoning yangi kelajagini qurmoqdamiz"
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov "Yangi O'zbekiston - o'zgaruvchan va o'zaro bog'liq dunyoda ishonchli hamkor" mavzusidagi davra suhbati davomida mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishi bo'lgan Markaziy Osiyo haqida alohida to'xtalib o'tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida keng ko'lamli islohotlar va demokratik o'zgarishlar yo'lida borayotgan O'zbekiston tashqi siyosatda ham yangicha yo'l tutmoqda. Mazkur siyosat asnosini xalqaro huquq tamoyillariga amal qilish, tinchlik, yaxshi qo'shnichilik, har tomonlama hamkorlikka, mintaqaviy barqarorlik va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash tashkil qilib, bu tamoyillakr O'zbekiston milliy manfaatlariga to'la javob beradi.
"O'zbekiston Respublikasi har bir davlat manfaatlarini hisobga olish va o’zaro hurmatga asoslangan konstruktiv muloqot va ko'p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish tarafdoridir", dedi V. Norov. Bunga O'zbekistonning Markaziy Osiyodagi hamkorligi misol bo'la oladi. So'nggi yillarda mamlakatimizning mintaqadagi barcha davlatlar bilan munosabatlari yuqori strategik darajaga ko'tarildi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlari yuksak darajadagi o'zaro ishonch va hamkorlikka erishishning muhim mexanizmi bo'ldi. Mazkur uchrashuvlar davlatlarimizning savdo-iqtisodiy, transport, ekologik bog'liqligi bo'yicha umumiy yondoshuvlarni ishlab chiqishga, shuningdek mintaqa ichidagi dolzarb masalalarni hal qilishga yordam bermoqda.
Bugungi kunda Markaziy Osiyoda birgalikda amalga oshirilgan sa'y-harakatlar natijasi o’laroq o'zaro ishonch va hamkorlikning mutlaqo yangi, ijobiy muhiti shakllandi. So'nggi besh yil ichida mintaqaviy tovar ayirboshlash hajmi ikki baravarga oshdi. Sanoat kooperatsiyasiga doir qo'shma loyihalarini amalga oshirish, samarali qo'shimcha qiymat zanjirlarini yaratish, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha ishlar olib borilmoqda. Mintaqa mamlakatlari birgalikda yangi qiyinchiliklar va xatarlarga qarshi kurashmoqdalar.
“Birgalikda jahon iqtisodiy aloqalariga jadal integratsiyalashgan, yagona, mustahkam, barqaror va obod mintaqa sifatida Markaziy Osiyoning yangi kelajagini qurmoqdamiz", - deya ta'kidladi O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri.
"Markaziy Osiyo+ formati mintaqaviy muvozanatni mustahkamlash va saqlashga xizmat qiladi"
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov "Yangi O'zbekiston - o'zgaruvchan va o'zaro bog'liq dunyoda ishonchli hamkor" mavzusidagi davra suhbati davomida "Markaziy Osiyo+" formatidagi muloqotni rivojlantirish masasalariga e'tibor qaratdi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda "Markaziy Osiyo+" shaklidagi uchrashuvlar Rossiya, Xitoy, AQSh, Germaniya, Italiya, Hindiston, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Ko'rfazi Arab hamkorlik Kengashi va Evropa Ittifoqi bilan o'tkazib kelinmoqda.
Ushbu mexanizm mintaqa mamlakatlarining asosiy tashqi siyosiy sheriklar va tashkilotlar bilan hamkorligining holati va istiqbollarini muhokama qilish imkonini beradi.
Xususan, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri yaqinda Samarqandda bo'lib o'tgan "Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo o'zaro bog'liqligi: "Global darvoza" birinchi xalqaro konferensiyasini eslatib o'tdi. Mazkur anjuman doirasida barqaror o'zaro bog'liqlikni rivojlantirish, "yashil" rivojlanishni qo'llab-quvvatlash va pandemiya oqibatlaridan xalos bo'lish bo'yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
"Markaziy Osiyo+ formati mintaqaviy muvozanatni mustahkamlash va saqlashga xizmat qilgani holda turli kelishmovchiliklarga aralashmasdan, vazmin va mustaqil siyosat olib borishga sodiqligimizdan dalolat beradi", dedi V. Norov.
"Faqat oqilona murosaga asoslangan diplomatiya barcha tomonlarning manfaatlariga birday va ziddiyatsiz javob beradi "
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov "Yangi O'zbekiston - o'zgaruvchan va o'zaro bog'liq dunyoda ishonchli hamkor" mavzusidagi davra suhbatidagi nutqida shunday bayonot berdi.
O'zbekiston Tashqi siyosat idorasi rahbari qayd etganidek, bugungi kunda pragmatik va konstruktiv diplomatiya g'oyat muhim ahamiyatga egaligini hayotning o’zi ko’rsatmoqda.
"O'zbekiston mojarolar va qarama-qarshiliklar faqat halokatli oqibatlarga va g'oliblar bo'lmaydigan vaziyatlarga olib keladi, degan fikrga qat'iy amal qiladi. Oqilona murosaga asoslangan diplomatiyagina barcha tomonlarning manfaatlariga teng va ziddiyatsiz javob beradi".
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek, samarali xalqaro hamkorlik dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning eng muhim omilidir. Bu davrimiz muammolarini hal qilish, favqulodda inqirozli vaziyatlarni hal qilishning eng aniq, maqbul va samarali yo’lidir.
"O'zbekiston ko’p tomonlama diplomatiya tamoyillariga sodiqligini namoyon etmoqda"
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov "Yangi O'zbekiston - o'zgaruvchan va o'zaro bog'liq dunyoda ishonchli hamkor" mavzusida davra suhbati chog'ida mamlakatimizning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligiga alohida e'tibor qaratdi.
V. Norov ta'kidlaganidek, O'zbekiston ko’p tomonlama diplomatiya tamoyillariga qat'iy rioya qilib, xalqaro institutlar bilan muloqot doirasida yangi ufqlarni ochmoqda.
Xususan, mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining global muammolarni hal qilish va xalqaro xavfsizlikni ta'minlashda markaziy rolini mustahkamlash tarafdoridir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT doirasida qator yirik takliflarni, shu jumladan, Markaziy Osiyoda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanishning global maqsadlariga erishish uchun sharoit yaratish bo’yicha tashabbuslarni ilgari surdi.
Yaqinda, 14-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to'g'risidagi rezolyutsiyani qabul qilindi
Davra suhbati ishtirokchilarining e'tibori O'zbekiston Rahbarining Osiyoda o'zaro hamkorlik va ishonch choralari bo'yicha yig'ilish maydonida e'lon qilingan BMT shafeligida Afg'oniston bo'yicha xalqaro muzokaralar guruhini tuzish taklifiga qaratildi.
“O'zbekiston Rahbari tomonidan ilgari surilgan bu va boshqa ko'plab tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish barcha yutqazadigan qarama-qarshiliklar va raqobatdan xoli bo'lgan keng ko'lamli mintaqalararo hamkorlikni shakllantirishga imkon beradi”, dedi V. Norov.
O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri mamlakatimizning Shanxay hamkorlik tashkilotidagi raisligi haqidagi fikrlari bilan ham o'rtoqlashdi.
Mazkur tuzilmada respublika raisligi transport, sanoat kooperatsiyasi, energetika, oziq-ovqat va ekologik xavfsizlik, innovatsiya, raqamli transformatsiya va yashil iqtisodiyot kabi ustuvor yo'nalishlardagi o'zaro manfaatli hamkorlikning yangi strategik qirralarini ochishga qaratilganligi qayd etildi.
Ushbu jabhalarning har biri bo’yicha hamkorlari bilan birgalikda rekord miqdordagi hujjatlar qabul qilindi. Bu ShHTga a’zo barcha davlatlarining ko'p qirrali aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdorligini ko'rsatmoqda.
"Bu tarkibi yangi ishtirokchilar bilan kengayib, xalqaro nufuzi mustahlanib borayotnga Tashkilotdan juda yaxshi va ijobiy signaldir", dedi V.Norov.
ShHT sammitida O'zbekiston jahon hamjamiyati e’tiboriga Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo'lida Samarqand birdamligi tashabbusini havola etdi. Uning maqsadi – bizning umumiy kelajagimizga befarq bo‘lmagan, ixtiloflarga qaramasdan kelishilgan yondashuv va qarorlarni izlashga tayyor, "Samarqand ruhi" tamoyillariga hamfikr bo‘lganlarning barchasini global muloqotga jalb qilishdir.
O'zbekiston ko'p tomonlama diplomatiyasi haqida so'z yuritar ekan, Vladimir Norov Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqanddagi sammitini ham eslatib o'tdi. Ushbu tadbir Tashkilotning o'zaro hamkorlik platformasidan savdo-iqtisodiy, transport, madaniy-gumanitar sohalarda amaliy muloqot bo’yicha to'laqonli mintaqaviy tashkilotiga aylanish dasturini tasdiqladi.
Sammit yakunlari bo'yicha TDTda raislikni qabul qilgan O'zbekiston Tashkilot doirasida pragmatik hamkorlikni yanada mustahkamlashga hissa qo'shishga tayyordir.