O‘zbekiston-Qozog‘iston: ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning namunali modeli

21-22-dekabr kunlari Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga davlat tashrifi bo‘lib o‘tadi.
Ushbu tashrif Qozog‘iston rahbarining mamlakat Prezidenti etib qayta saylanganidan so‘ng ilk xorijiy tashriflaridan biri bo‘lib, bu ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarini yana-da mustahkamlash borasidagi hamkorlik va intilishning yuksak darajasidan dalolat beradi.
So‘nggi paytlarda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqaro diplomatiya va siyosiy faollik markaziga aylanganini taʼkidlash lozim. Yaqinda O‘zbekiston va Qozog‘iston poytaxtlarida, shuningdek, qadimiy Samarqandda qator ko‘p tomonlama oliy darajadagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Shanxay hamkorlik tashkiloti (Samarqand, 2022 yil, sentyabr) va Turkiy davlatlar tashkiloti (Samarqand, 2022 yil noyabr), Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (Ostona, 2022 yil oktyabr) sammitlari, “Markaziy Osiyo-Rossiya” va “Markaziy Osiyo-Yevropa Ittifoqi” (Ostona, 2022 yil oktyabr) shakllaridagi oliy darajadagi uchrashuvlar shular jumlasidandir.
O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari har bir davlatning uzoq muddatli va barqaror rivojlanishi butun mintaqa barqarorligi va farovonligi bilan chambarchas bog‘liqligini chuqur anglagan holda yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaviy sheriklik kun tartibini izchil ilgari surmoqda. Birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllandi. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbus ijrosi doirasida tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari samarali mexanizmga aylandi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston tarixiy, maʼnaviy va madaniy yaqinlikdagi yaxshi qo‘shnilar, shuningdek, Markaziy Osiyo salohiyatini mustahkamlash, butun mintaqada tinchlik va farovonlikni taʼminlashga hissa qo‘shayotgan ishonchli strategik hamkorlardir.
Ikki davlat o‘rtasida diplomatiya munosabatlari 1992 yil 23 noyabr kuni o‘rnatilgan. O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligining butun tarixi davomida tomonlar ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning namunali modelini namoyish etib kelmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22-23 mart kunlari Qozog‘istonga davlat tashrifi hamda Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning 2019 yil 14-15 aprel kuni O‘zbekistonga davlat tashrifi yangi bosqichdagi hamkorlikka kuchli turtki berdi. Ushbu tashriflar natijasi o‘laroq, 20 dan ortiq hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi bitimlar to‘plami imzolandi.
Qozog‘iston bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Ikki davlat xalqaro siyosat masalalarida bir-birini qo‘llab-quvvatlab, BMT, SHHT, MDH, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik ko‘plab masalalar yuzasidan tomonlarning nuqtai nazarlari o‘xshash yoki bir-biriga yaqindir.
Qozog‘iston O‘zbekistonning muhim savdo-iqtisodiy sheriklaridan biri hisoblanadi. So‘nggi besh yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi, pandemiya oqibatlariga qaramasdan, barqaror o‘sib bormoqda. 2022 yilning yanvar-noyabr oylarida bu ko‘rsatkich 4,2 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga 2021 yili buyurgan davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha yaqin besh yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha Amaliy harakatlar rejasi imzolangan edi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda qozog‘istonlik tadbirkorlar ishtirokida 1 ming 100 dan ortiq, Qozog‘istonda esa o‘zbek kapitali jalb etilgan 1 ming 400 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda.
Transport kommunikatsiyalari sohasi O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Mamlakatlarimizning avtomobil va temir yo‘llari o‘zaro integratsiyalashgan. Ushbu muhim aloqa tarmog‘i uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini bajarmoqda. Bugungi kunda bu boradagi istiqbolli loyihalar qatorida Uchquduq-Qizil O‘rda uchastkasida yangi yo‘lak barpo etish ham bor ekanini alohida taʼkidlash joiz.
O‘zaro sarmoya kiritish, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi sanoati, energetika, farmatsevtika va qurilish sohalaridagi hamkorlik ham savdo-iqtisodiy aloqalarning “o‘sish nuqtalari” hisoblanadi.
Bu saʼy-harakatlarga qo‘shimcha turtki berish maqsadida birgalikda Sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Hududlararo aloqalar o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish uchun o‘ziga xos harakatlantiruvchi omilga aylanmoqda. 2018 yildan boshlab mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning yangi mexanizmi –Hududlararo hamkorlik forumi yo‘lga qo‘yildi. Hozirgacha uchta ana shunday forum o‘tkazildi va ularning oxirgisini 2021 yil 25-26 noyabr kunlari Turkiston shahri (Qozog‘iston) qabul qildi. Ikki davlatning chegaradosh viloyatlari rahbarlari o‘zaro mahsulot yetkazib berish, yangi hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish masalalarida yaqin aloqalar o‘rnatmoqda.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik 1994 yil 10 yanvar kuni qabul qilingan madaniyat, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, taʼlim, turizm va sport sohalarida aloqalarni chuqurlashtirishga qaratilgan hukumatlararo bitim asosida amalga oshirilmoqda. Ikki mamlakat ilm-fan va taʼlim muassasalari o‘rtasida o‘qituvchi va talabalar, o‘quv-uslubiy materiallar almashuvi sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan. O‘zbekistonning oliy bilim yurtlari Qozog‘istonning 50 dan ortiq oliy taʼlim maskanlari bilan faol hamkorlik shartnomalariga ega.
Ikki mamlakat Fanlar akademiyalari o‘rtasidagi samarali hamkorlik anʼanaviy tarzda ixtisoslashgan institutlar darajasida amalga oshirilmoqda. Qozog‘iston vakillari Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Davlat rahbarlarining muloqotida ilm-fan, taʼlim, madaniyat, sanʼat, turizm, sport va boshqa sohalardagi hamkorlikni yana-da faollashtirishga intilish qatʼiy taʼkidlanadi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekistonda qozoq millatiga mansub 800 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz istiqomat qiladi, Qozog‘istondagi o‘zbeklar jamiyati esa 500 mingga yaqin kishini tashkil qiladi. Ular ikki davlat ravnaqi va farovonligiga, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda. 600 nafardan ortiq qozoq millatiga mansub o‘zbekistonliklar va 20 dan ortiq o‘zbek millatiga mansub Qozog‘iston fuqarolari ikki mamlakatning davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
1992 yildan buyon O‘zbekistonda Qozoq madaniyat markazi faoliyat ko‘rsatmoqda, uning 30 ga yaqin viloyat va hududiy bo‘limlari mavjud. Mamlakatimizda qozoq millati vakillarining o‘ziga xos madaniyati, anʼanalari va tilini avaylab asrash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, 400 ta maktabda darslar qozoq tilida olib boriladi, 162 ta maktabda esa taʼlim berish jarayoni faqat qozoq tilida tashkil etilgan. Qozoq tilida oliy va kasb-hunar taʼlimi olish uchun Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qoraqalpog‘iston davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Nukus, Jizzax va Navoiy davlat pedagogika institutlarida qozoq tili va adabiyoti fakulteti hamda kafedralari faoliyat yuritmoqda.
2022 yil noyabr oyida Ostona shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Mazkur tadbir ikki xalqning uzoq tarix davomida shakllangan madaniy-maʼnaviy yaqinligini, yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik rishtalari mustahkamligini yana bir bor namoyon etdi.
19 dekabr kuni, tashrif arafasida O‘zbekiston tasviriy sanʼat galereyasida buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning insonparvarlik anʼanalarini davom ettirgan qozoq yozuvchisi va mutafakkiri Abay Kunanboyev hayoti va ijodiga bag‘ishlangan «Abay. Qardosh xalqlar merosi» nomli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmaning ochilishi davlatimiz rahbariyati tomonidan turkiy xalqlarning madaniy merosini asrab-avaylash va tiklashga qaratilayotgan eʼtiborning yaqqol tasdig‘i bo‘ldi. Bu voqea, shuningdek, mamlakatlarimiz xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari mustahkamligini ramziy ifoda etdi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston bugun ham ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va keng ko‘lamli sheriklikni yana-da mustahkamlashga bel bog‘lagan. Prezident Qasim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitib, o‘zaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
“Dunyo” AA