Prezident Murojaatnomasi – 2023 yilning harakatlar trayektoriyasi sifatida

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnoma yo‘lladi, unda davlat rahbari tugab borayotgan yil yakunlarini sarhisob qildi hamda 2023 yilda olib boriladigan siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Prezident 2023 yilni “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim” yili deb eʼlon qilishni taklif qildi, shuningdek, “Taʼlim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir”, deb taʼkidlab o‘tdi.
Iqtisodiy sohada O‘zbekistonning yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 mlrd dollardan oshdi, 8 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kirib keldi, eksport miqdori esa 19 mlrd dollarga yetdi.
2022 yilda mamlakatimiz tarixida ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal isteʼmol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajagacha oshirildi. Agarda 2017 yilda kam taʼminlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni 2 mlndan ortdi. Ajratilayotgan mablag‘lar esa, 7 barobar ko‘paytirilib, yiliga 11 trln so‘mga yetdi.
Jahon siyosati markazlaridan biriga aylanayotgan O‘zbekistonning xalqaro nufuzi ham tobora ortib bormoqda. 2022 yilda yurtimizda Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari hamda o‘nlab yuqori darajadagi xalqaro anjumanlari o‘tkazildi.
Murojaatnomada konstitutsiyaviy islohot masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Bugungi kunga qadar fuqarolardan Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha 220 mingdan ziyod taklif kelib tushdi, yangi Konstitutsiyaning loyihasi esa butunxalq referendumiga olib chiqiladi.
Prezident Murojaatnomasida alohida yo‘nalishlar bo‘yicha siyosatning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.
Davlat boshqaruvini isloh qilish
Ushbu islohot “qo‘l boshqaruvi”dan – aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tishni ko‘zda tutadi, bu esa davlat boshqaruvi tizimi sifatini oshiradi va uni yana-da ixchamlashtiradi.
Hozirgi kunda davlat apparatida ko‘plab takrorlanuvchi funksiyalar yig‘ilab qolgan, markazlashuv yuqori, ortiqcha shtatlar mavjud. Shu sababli yangi maʼmuriy islohotlar to‘g‘risidagi Farmon imzolandi.
Vazirlik va muassasalar soni hozirgi 61 tadan 28 taga kamaytiriladi. Har bir vazirning siyosiy maqomi, Prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi masʼuliyati oshiriladi. Davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqaradi, iqtisod qilinadigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarga yo‘naltiriladi. Masʼul soha qo‘mitalari, komissiyalar va parlament deputatlarining vazir faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha jamoaviy masʼuliyati belgilab beriladi.
“Ijtimoiy davlat” prinsiplari
Maktab taʼlimi sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish 2023 yildagi eng asosiy vazifalardan biri bo‘ladi. Prezident maktablarida yo‘lga qo‘yilib, 130 ta mamlakatda maʼqullangan “A-level” taʼlim dasturi ham bu yo‘nalishdagi islohotlarga ko‘mak beradi.
Maktabgacha taʼlim sohasida ham muhim vazifalar qo‘yilgan. Agarda so‘nggi olti yilda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 70 foizga oshgan bo‘lsa, kelgusi besh yilda qamrovni 80 foizga yetkazish uchun yana 600 ming yangi bog‘cha o‘rni kerak.
Oliy taʼlim sohasida so‘nggi yillarda mamlakatdagi oliy taʼlim muassasalari soni 2,5 barobar ko‘payib, 198 taga yetdi, oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshdi. Ayni kunga qadar 41 ta oliy taʼlim muassasalari akademik va moliyaviy mustaqillik oldi. Kelasi yilda oliygoh talabalari uchun imtiyozli taʼlim kreditlariga resurslar 2 barobar ko‘paytirilib, 1,7 trln so‘m ajratiladi. 2023 yilda yili ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yana-da yaqinlashtirish maqsadida 2023 yilda qo‘shimcha 140 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalari, 520 ta olis va chekka mahallada ixcham tibbiyot punktlari tashkil etiladi. Shuningdek, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha uch yillik katta dasturni amalga oshirish boshlanadi. Barcha tug‘ruq komplekslari to‘liq taʼmirlanadi va jihozlanadi, o‘rinlar soni 35 foizga ko‘paytiriladi. 2023 yilda Samarqand, Farg‘ona va Xorazmda davlat-xususiy sheriklik asosida Radiologiya markazlarini tashkil etish loyihalarini boshlanadi.
Endilikda barcha davlat investitsiya dasturlari mahalla darajasida shakllantiriladi. 2023-yilda aholi tomonidan taklif berilgan suv, elektr energiyasi, yo‘l, maktab kabi yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalar uchun qariyb 3 barobar ko‘p – 8 trln so‘m yo‘naltiriladi. Mahallalarning moliyaviy mustaqilligini oshirish uchun 2023 yil 1 yanvardan boshlab “Mahalla byudjeti” tizimini joriy etish doirasida yangi mol-mulk va yer soliqlarining bir qismi mahallaning o‘zida qoladi.
Turar-joy muamolarini hal qilish uchun yangi uy-joylar qurish hajmi 1,5 barobar oshiriladi va 90 ming xonadon va hovliga yetkaziladi.
Suv muammolari va qishloq xo‘jaligi
Suvning hisobini shaffof yuritish tizimi joriy etiladi, kelgusi uch yilda esa 13 mingga yaqin suv xo‘jaligi obyekti raqamlashtiriladi. Davlat-xususiy sherikchilik asosida 16 ta yirik nasos stansiyasi modernizatsiya qilinadi va muqobil energiyaga o‘tkaziladi. Buning uchun suv solig‘i bo‘yicha tushumlarning bir qismi tumanlarda irrigatsiya tizimlarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi ishlar faollashtiriladi.
Qishloq xo‘jaligida ham islohotlar davom ettiriladi. Agar oldinroq 400 ming dehqonlarga 100 ming gektar sug‘oriladigan ekin yerlari ajratilgan bo‘lsa, 2023 yilda aholiga yana 100 ming gektar sug‘oriladigan yerlar bo‘lib beriladi, buning hisobiga qariyb 350 mingta yangi dehqon xo‘jaligi tashkil etiladi va qishloqlardagi ko‘plab ijtimoiy muammolar hal etiladi. Shuningdek, davlat tomonidan kooperatsiya, qo‘llab-quvvatlanadi, kichik va o‘rta quvvatli saqlash korxonalari, saralash va qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantiriladi. Umuman, 2023-yilda agrar sohada yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish loyihalariga 1 mlrd dollar ajratiladi.
Bozor munosabatlarini rivojlantirish va biznesni qo‘llab-quvvatlash
Kelgusi yilda erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash ishlari faol davom ettiriladi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bu masalalar Konstitutsiyada alohida o‘rin egallashi kerak.
2023 yilda hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, barcha tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirish bo‘yicha yangi yondashuvlar joriy etiladi. Tuman va shaharlar o‘z salohiyatidan kelib chiqib, 5 toifaga ajratiladi, tumanning iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishlari esa endilikda uning toifasiga qarab belgilanadi. Tadbirkorlar uchun subsidiya, kredit va kompensatsiyalar tuman yoki shaharning aniq toifasidan kelib chiqib ajratiladi. Ular uchun soliq stavkalari ham har xil bo‘ladi.
1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 15 foizdan 12 foizga pasaytirish hisobidan tadbirkorlar ixtiyorida yiliga kamida 14 trln so‘m mablag‘ qoladi. Soliq va bojxona maʼmurchiligi jiddiy isloh qilinadi, hamma davlat idoralarida tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish sifatini baholash tizimi joriy qilinadi.
Energetika sohasidagi muammolar
So‘nggi olti yilda mamlakatimiz aholisi soni 13 foizga ortib, sanoat korxonalari esa ikki baravarga, yaʼni 45 mingdan 100 mingtaga ko‘paygani tufayli energiya taʼminotida jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda. Elektr energiyasiga talab kamida 35 foiz oshgan bo‘lib, yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanishi uchun energetika sohasiga 25-30 mlrd dollar investitsiya kerak, bu esa sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilishni taqozo etadi.
Oxirgi uch yilda energetika sohasiga 8 mlrd dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirildi. 2022 yilda quvvati 1,5 ming megavatt bo‘lgan 7 ta elektr stansiyasi ishga tushirildi. 2023 yilda 4,5 ming MVt quvvatga ega 11 ta yirik loyiha, jumladan, quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilishi yakuniga yetkaziladi, bu esa qo‘shimcha 14 mlrd kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish va xonadonlarga elektr energiyasi uzatishni 50 foizga ko‘paytirish imkonini beradi. Tabiiy gaz zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha o‘n yillik dastur qabul qilinadi.
Kelgusi uch yilda barcha davlat tashkilotlarida quyosh panellari va issiq suv kollektorlari o‘rnatiladi. Ushbu maqsadlar uchun 2 mlrd dollar miqdorida investitsiyalar jalb qilinadi. Buning hisobidan elektr va gaz isteʼmolining 60 foizi “yashil energiya”ga o‘tkaziladi. Quyosh panellarini o‘rnatish uchun aholi xonadonlariga ajratiladigan subsidiyalar hajmi ikki baravar ko‘paytiriladi.
Инвестициялар жалб қилиш ва экспорт имкониятларини ошириш
Сони ортиб бораётган аҳолининг турмуш даражасини оширишда зарур бўлган иқтисодий ўсишнинг етарлича юқори суръатларини сақлаб қолиш учун иқтисодиётга инвестицияларни фаол жалб қилиш ва экспорт ҳажмини ошириш лозим.
Сўнгги олти йилда Ўзбекистонга инвестициялар оқимини ялпи ички маҳсулотнинг 30 фоизидан юқори даражада оширишга эришилди ва Президентимиз Мурожаатномада таъкидлаганидек, “Биз маҳаллий ва хорижий хусусий инвестицияларни кўпайтириш учун шароитларни янада яхшилаймиз”. Хусусан, 2023 йилда қарийб 30 млрд доллар инвестиция жалб этилади, шундан 25 млрд доллар хусусий инвестициялар бўлиб, уларнинг ҳисобидан 8 млрд долларлик 300 дан зиёд лойиҳа ишга туширилади ва яна 40 та янги йирик лойиҳа бошланади.
Ушбу лойиҳаларни амалга ошириш орқали Олмалиқ кон-металлургия комбинатининг рудани қайта ишлаш қуввати ҳозирги 40 млндан 100 млн тоннага ошади. Навоий вилоятидаги Пистали конида қуввати 4 млн тонна бўлган олтин рудасини қайта ишлаш мажмуасининг қурилиши якунланади. Бу келгуси беш йилда мис ишлаб чиқаришни 3 баравар, олтин қазиб олиш ҳажмини эса йилига 150 тоннагача ошириш имконини беради. Шунингдек, кимё, автомобилсозлик ва қишлоқ хўжалиги машинасозлигида ҳам йирик лойиҳалар ишга туширилади.
2023 йилда катта хусусийлаштириш бошланиб, 1000 га яқин корхона савдога чиқарилади. Шу билан бирга, аҳолининг хусусийлаштириш жараёнларида фаол иштирок этиши учун мамлакатимиздаги энг йирик 10 та компания ва тижорат банкларининг акциялари очиқ савдога қўйилади.
Мурожаатномада Президентимиз томонидан белгиланган яна бир вазифа – 2023 йилда тайёр маҳсулот экспортини 4 млрд долларга оширишдан иборат. Давлатимиз раҳбари 2022 йилдан йўлга қўйилган “Янги Ўзбекистон – рақобатбардош маҳсулотлар юрти” дастури туфайли бир йилнинг ўзида 2 мингга яқин тадбиркорлар илк бор ташқи бозорларга чиққанини таъкидлаб ўтди. Дастурда назарда тутилган – экспорт қилувчиларга транспорт ва бошқа харажатларни компенсация қилиш амалиёти 2023 йилда ҳам давом эттирилади.
Бу эса Европа бозорларига текстиль, электр техникаси, чарм-пойабзал ва бошқа тайёр маҳсулотлар экспортини камида икки бараварга ошириш имконини беради. Шу билан бирга, маҳсулотлар экспорти бўйича ҳозирги 9 та босқичдан иборат божхона расмийлаштируви тартиби 3 бараварга қисқартирилади. Умуман, 2023 йилда экспорт ҳажми Ўзбекистон тарихида илк бор 23 млрд доллардан ортади.
Xulosa
Ijtimoiy siyosat iqtisodiy rivojlanishga bog‘liq, negaki aynan iqtisodiyot ijtimoiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan byudjet daromadlarini yaratadi. Aynan so‘nggi yillarda erishilgan iqtisodiy muvaffaqiyatlar chinakam “ijtimoiy davlat”ni shakllantirishga o‘tish uchun byudjetda yetarlicha mablag‘ to‘plashga imkon berdi.
Davlat korxonalarini xususiylashtirish masalalari ham uzoq vaqt davomida samarali hal etilmadi. Bunga, bir tomondan, korxonalar xususiylashtirilgan taqdirda ularning rivojlanish salohiyatini cheklaydigan ichki bozor sig‘imining yetishmasligi, boshqa tomondan esa – yetarli byudjet tushumlarini taʼminlash maqsadida korxonalarni yetarlicha yuqori narxda sotib olish uchun ham aholi, ham mahalliy biznesning shaxsiy jamg‘armalari yetarli darajada emasligi to‘sqinlik qildi. Ammo so‘nggi besh yilda iqtisodiy rivojlanish jarayonida vaziyat har tomonlama o‘zgardi, bozorlar sig‘imi ham biznes va aholi jamg‘armalari hajmi kabi oshdi. Yaʼni, kelgusi yildan boshlanadigan katta xususiylashtirish ishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Aholi soni va iqtisodiyotning o‘sishi sharoitida gaz qazib olishning qisqarishi munosabati bilan yaqinda keskin tarzda o‘rtaga chiqqan energiya taʼminoti muammosi ham dolzarblik kasb etmoqda. Murojaatnomada qayd etilgan vazifalar aholi uchun elektr energiyasi narxini keskin oshirmasdan va kelgusida bu muammoni bartaraf etish uchun jiddiy asos tayyorlagan holda uni bugungi kunda eng samarali tarzda hal etish imkonini beradi.
Shulardan kelib chiqib, Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalar 2023 yilda muvaffaqiyatli amalga oshiriladi, deb ishonsa bo‘ladi.
Obid Hakimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori