Minskda Alisher Navoiy xotirasiga hurmat bajo keltirildi

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi munosabati bilan Minskdagi Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Tadbirda O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasi xodimlari, Minskda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Farg‘ona viloyati delegatsiyasi aʼzolari, belarus ijodiy hamjamiyati vakillari, shuningdek, ushbu mamlakat oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan vatandosh talabalar ishtirok etdi.
Alisher Navoiy o‘zining boy adabiy-maʼrifiy merosi bilan haqli ravishda dunyo adabiyotining buyuk namoyondalari orasida alohida o‘rin tutishi taʼkidlandi. Adibning bebaho asarlari mamlakatimizda va xalqaro ko‘lamda katta qiziqish bilan o‘rganib kelinayotgani qayd etildi.
Allomaning «Mahbub ul-qulub» asari o‘tgan yili belarus tiliga tarjima qilinib, uning taqdimoti o‘tkazilgani hamda kitobxonlar eʼtiborini qozonayotgani aytildi. Kitob Alisher Navoiyning hayotiy tajribasining o‘ziga xos ko‘zgusi bo‘lib, yosh avlodning sharaf va ahloq kodeksi sifatida bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganligi urg‘ulandi. Darhaqiqat, bu Navoiy bobomizning belarus tiliga tarjima qilingan yagona asar emas. 1993 yilda Minskda Alisher Navoiy g‘azallaridan iborat “Lirika” kitobi ham chop etilgan. Ushbu to‘plam taniqli tarjimon Vasil Jukovich tomonidan belarus tiliga o‘girilgan.