Vitebsk davlat verinariya akademiyasi rektori: Navoiy va Bobur merosi barcha xalqlar uchun qudratli maʼnaviyat manbai bo‘lib xizmat qilmoqda

O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Vitebsk davlat veterinariya akademiyasida buyuk siymolar – bobokalonlarimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning maʼnaviy merosiga bag‘ishlangan «Buyuk ajdodlar izdoshlari» mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda akademiyaning rektori N.Gavrichenko va birinchi prorektori D.Fedotov, xalqaro munosabatlar bo‘yicha dekan A.Solovyov hamda Vitebsk viloyat universitetlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ishtirok etishdi.
Akademiya rektori o‘z nutqida o‘zbek xalqining boy tarixi, anʼanalari va madaniyatini eʼtirof etar ekan, O‘zbekiston hududidan yetishib chiqqan va jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar, shu jumladan, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur merosi barcha xalqlar uchun qudratli maʼnaviyat manbai bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.
Davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk olim, shoir va mutafakkirlarning ijodiy merosini o‘rganish, xotirasini abadiylashtirish, asarlarida ilgari surilgan ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib etishga alohida eʼtibor qaratilayotganini yuqori baholashdi.
Tadbirda vatandosh talabalar Navoiy va Bobur ijodi haqida taqdimot o‘tkazishdi.