Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2022 yil 14 dekabrdagi majlisida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga asosan ishlab chiqilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya bir ovozdan maʼqullandi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi va Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma (Germaniya) tomonidan 2023 yil 23 fevral kuni Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini va aholining bu boradagi xabardorligini oshirish, jamiyatda inson huquqlari va barqaror rivojlanish madaniyatini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati o‘tkaziladi.
Shu o‘rinda quyidagilarni taʼkidlash joiz, deb bilamiz.
Dunyo miqyosida inson qadri va huquqlariga bo‘lgan eʼtibor, parlamentlar va fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyati oshib borayotgani
Birinchi. 2015 yilning sentyabr oyida BMT sammitida 2030 yilgacha bo‘lgan barqaror rivojlanish Kun tartibi va uning 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) tasdiqlandi. Mazkur “Kun tartibi, bu – odamzod, sayyora va farovonlik yo‘lidagi harakat rejasi” hisoblanib, u “yana-da erkinroq sharoitlarda umumbashariy tinchlikni mustahkamlash, barqaror tinchlik va taraqqiyotni taʼminlash g‘oyasiga asoslangan, shuningdek, jahon hamjamiyati tomonidan o‘zaro bog‘liq va globallashayotgan dunyoda mavjud yoki yuzaga keladigan asosiy muammolarni hamkorlikda bartaraf etish uchun birgalikda faol choralar ko‘rishga yo‘naltirilgan”.
BRM esa – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda inson huquqlari bo‘yicha boshqa asosiy xalqaro shartnomalarga asoslangan bo‘lib, ularning o‘ziga xos kvintessensiyasi va davom ettiruvchisidir. BRMda inson qadri va uning huquqlarini taʼminlashga bo‘lgan zamonaviy dunyoqarash aks ettirilgan. BRMlar o‘zaro chambarchas bog‘liq, bir-birini to‘ldiruvchi va mustahkamlovchi bo‘lib, barqaror rivojlanishning “uchta ustuni” – iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik muvozanatni taʼminlashga qaratilgan.
Ikkinchi. BRMni ishlab chiqish jarayonida BMTga aʼzo davlatlar hukumatlari bilan bir qatorda parlamentlar, 1500 dan ziyod fuqarolik jamiyati instituti ishtirok etdi. Shu maʼnoda BRM, albatta BMT, davlatlar va “global fuqarolik jamiyati” o‘rtasidagi uzoq muddatli maslahat jarayonining natijasidir.
Uchinchi. XXI asrda birgina BMT va “BMT oilasiga aʼzo” xalqaro tashkilotlar doirasida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini oshirish, faoliyati uchun qulay siyosiy, huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlarni yaratish, xususan ularning fuqarolar jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtirokini taʼminlash, BRMga erishish jarayonlaridagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarda davlatlarning majburiyatlari va vazifalarini belgilab bergan 100 dan ziyod xalqaro-huquqiy hujjat qabul qilingan.
Zero, uch o‘zaro bog‘liq masala – fuqarolik jamiyati institutlarining qarorlar qabul qilishdagi ishtiroki, ularning “faoliyat makonini kengaytirish” va himoya qilish, kuchli va faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish, barqaror rivojlanish, tinchlik, xavfsizlik hamda barqarorlikni taʼminlashning muhim va zarur sharti hisoblanadi.
To‘rtinchi. BMTning tegishli hujjatlarida parlamentlar va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati uchun nafaqat qulay va zarur shart-sharoitlar yaratish, balki ushbu institutlarning BRMga erishish borasidagi asosiy vazifalari ham belgilab berilgan:
• BRMlarni, inson qadri, erkinliklari va huquqlarini taʼminlash masalalarini, avvalambor, davlatlar konstitutsiyalari va qonunlariga singdirish, fuqarolarning jamiyat va davlat boshqaruvida, xususan, qarorlar qabul qilinishidagi ishtirokini taʼminlovchi, umumtanolingan xalqaro demokratik standartlarga javob beruvchi va odil sudlovdan samarali foydalanishni kafolatlovchi meʼyoriy-huquqiy asosni shakllantirish;
• davlatlar taraqqiyotini belgilab beruvchi strategiyalar, konsepsiyalar va dasturlarning milliy BRMlarni hayotga tatbiq etilishiga xizmat qilishiga erishish;
• BRMlarga erishish borasida kuchli parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bu borada aholi xabardorligini oshirish, davlat tashkilotlari faoliyati ochiqligi va oshkoraligini taʼminlashga ko‘maklashish;
• BRM sohasida qarorlar qabul qilish jarayonlarida fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki uchun keng imkoniyatlar yaratish;
• davlat byudjetini ishlab chiqish va amalga oshirishda milliy BRMlarni inobatga olish va sohaga zarur mablag‘lar ajratish (“BRM yo‘naltirilgan byudjetlar” qabul qilish);
• jamiyatda inson qadri, huquqlari va erkinligi hamda barqaror rivojlanish madaniyatini shakllantirish sohalaridagi dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish tizimini rivojlantirish;
• BRM sohasida ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish, ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun fuqarolik jamiyati institutlarini zarur resurslar bilan taʼminlash va uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash;
• parlament faoliyatida, rahbarlik lavozimlariga tayinlashda, barcha darajadagi muhim qarorlarni qabul qilishda ayollarning teng huquqlilik asosida ishtirokini taʼminlash;
• BRM sohasida xalqaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xususan, “parlament va xalq diplomatiyasi” institutlari imkoniyatlaridan kengroq foydalanish va hokazo.
Shuningdek, Barqaror rivojlanishning ijtimoiy maqsadlariga erishishda, ayniqsa parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining roli o‘ta muhim sanalib, u bugungi kunda taʼlim, fan, sog‘liqni saqlash, ekologiya, ijtimoiy himoya kabi sohalarda mahalliy jamoalarning fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi. Bu borada Yangi O‘zbekistonda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “ochiq byudjet” siyosati nafaqat xalqimiz, shuningdek xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak baholanayotganini alohida eʼtirof etish zarur.
Bir so‘z bilan aytganda, so‘nggi yillarda dunyo mamlakatlarida kuzatilayotgan “hech kimni ortda qoldirmaslik” g‘oyasiga asoslangan inklyuziv siyosat yuritish, masʼuliyatli, samarali va hisobdor institutlarni yaratish va ular faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, parlament va jamoatchilik nazorati hamda ijtimoiy hamkorlikni jadal rivojlantirish, bu borada jamiyatda hamfikrlikka erishish BRMlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning zarur va muhim shartlaridandir.
Prezidentimiz tashabbusining yuksak eʼtirofi
Birinchidan, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan mazkur “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilinishi Prezidentimiz tashabbusining xalqaro eʼtirofidir.
O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi takliflari asosida BMT Bosh Assambleyasining 10 dan ziyod tegishli rezolyutsiyasi qabul qilinishi – Prezidentimizning xalqaro huquq sohasidagi tashabbuslari natijasidir.
Ikkinchidan, Oliy Majlis Prezidentimiz tashabbusini qo‘llab-quvvatlash, BMT ushbu rezolyutsiyasi qabul qilinishi va hayotga tatbiq etilishiga ko‘maklashishda “parlament diplomatiyasi” instituti imkoniyatlaridan ham keng fodalanmoqda.
Masalan, bu borada 2021 yil Buxoro shahrida o‘tkazilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzusidagi parlament forumi, 2022 yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan Parlamentlararo Ittifoqqa aʼzo davlatlar ayol rahbarlarining 14-sammiti, ushbu xalqaro forumlar doirasida qabul qilingan tegishli Buxoro va Toshkent deklaratsiyalari nafaqat BRMga erishish, balki ushbu jarayonlarda parlamentlarning rolini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
Parlament, shuningdek, qabul qilinayotgan qonunlar, jamiyat va davlatimizning taraqqiyotiga oid yaqin va uzoq kelajakka mo‘ljallangan strategiya va dasturlarning “Inson qadri, manfaatlari – hamma narsadan ustun” degan tamoyil hamda inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini taʼminlash g‘oyasini hayotga tatbiq etishga yo‘naltirish, “milliy BRMga yo‘naltirilgan byudjet” qabul qilish, sohada ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratmoqda. Oliy Majlisimizning dunyodagi 179 milliy parlamentni birlashtirgan Parlamentlararo Ittifoqdagi vakillari faoliyati ham ushbu vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan.
Uchinchidan, 2022 yil 29 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2022 yil 14 dekabrdagi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari haqida”gi Qo‘shma qarori qabul qilindi.
Qo‘shma qaror, jumladan, ushbu BMT rezolyutsiyasida va 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish hamda O‘zbekistonning barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlariga erishishda parlament, ijroiya hokimiyati va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida samarali ijtimoiy hamkorlik o‘rnatishga yo‘naltirilgan.
Qo‘shma qaror bilan 13 yo‘nalish bo‘yicha 50 dan ziyod aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Unda, xususan:
• nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarini milliy Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga jalb qilish, tegishli yo‘nalishlarda davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish hamda davlat granti tanlovlarini eʼlon qilish;
• global va milliy BRMga erishish, rezolyutsiyaning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari hamda “Yo‘l xaritasi” doirasida erishilgan natijalar haqida milliy va xalqaro jamoatchilikni xabardor qilib borish kabi ustuvor vazifalar belgilangan.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur Qo‘shma qaror Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan “inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yana-da rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” tamoyili bilan uyg‘undir.
Parlamentlararo Ittifoq (PI) BMTning ushbu rezolyutsiyasi va mazkur Qo‘shma qarorni nafaqat ijroiya hokimiyati, balki vakillik va sud xokimiyatlari, fuqarolik jamiyati institutlari va biznes hamjamiyatining BRMga erishishdagi hamkorligi va birgalikdagi harakatiga asos bo‘lishini alohida taʼkidlamoqda. Shu munosabat bilan ularni joriy yil sentyabrda bo‘lib o‘tadigan BRM bo‘yicha dunyo sammitiga tayyorgarlik yo‘lidagi muhim asos sifatida baholab, BMT va PIning rasmiy hujjati sifatida tarqatishni mo‘ljallamoqda.
To‘rtinchidan, mazkur davra suhbatining o‘ziga xos jihati shundan iboratki, uni tashkillashtirish tashabbusi aynan fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan ilgari surildi va parlament tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Davra suhbati natijasiga ko‘ra, fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida hamda fuqarorlik jamiyati institutlari bilan davlat tashkilotlari o‘rtasida sohadagi ijtimoiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi memorandumlar imzolanishi nazarda tutilgan.
Yaʼni BRMga erishish va Taraqqiyot strategiyasi, Qo‘shma qarorda belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etishda parlament, fuqarolik jamiyati institutlari, ijroiya hokimiyati organlari – tegishli vazirlik va idoralar, biznes hamjamiyatning yaqin hamkorligini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Bu, o‘z navbatida, ushbu institutlarning yurtimiz barqaror rivojlanishini taʼminlash borasidagi roli, ahamiyati va masʼuliyatini oshirishga ham xizmat qiladi.
Qo‘shma qarordagi vazifalarning hayotga tatbiq etilishi
(fuqarolik jamiyati institutlari misolida)
Taʼkidlash joizki, fuqarolik jamiyati institutlari Prezidentimizning ushbu tashabbuslarini va Qo‘shma qarorda belgilangan vazifalarni nafaqat qo‘llab-quvvatlamoqda, balki uni hayotga tatbiq etishda faol ishtirok etmoqda.
Masalan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Barqaror rivojlanish markazi kabi qator nodavlat notijorat tashkilotlar milliy BRMga erishish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini hayotga tatbiq etishga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Zero, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, O‘zbekistonda “Inson qadri, manfaatlari – hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida amalga oshirilayotgan islohotlar inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini taʼminlash g‘oyasiga asoslangan, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda mamlakatimizning Global kun tartibi hayotga tatbiq etilishiga ham xizmat qiladi.
Birinchidan, Qo‘shma qarorda, xususan, fuqarolik jamiyati institutlarining:
• 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni izchil amalga oshirishga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish, ular faoliyatiga tashkiliy-uslubiy va axborot jihatidan doimiy ravishda ko‘maklashish;
• barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish hamda inson qadri, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid xalqaro indikatorlarning o‘zaro bog‘liqligini chuqur o‘rganish asosida O‘zbekistonning turli xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash borasida tegishli takliflar ishlab chiqish va Parlament komissiyasiga kiritib borish;
• 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni chuqur tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash, ularning yechimlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
• barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning ijro etilish holati to‘g‘risida keng jamoatchilikning xabardorlik darajasini oshirish;
• 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tayyorlanadigan Ixtiyoriy milliy hisobotlar uchun fuqarolik jamiyati institutlarining muqobil maʼruzalarini tayyorlab borishi ko‘zda tutilgan. 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi ilk marta “Barqaror rivojlanish sohasida Global kun tartibi – 2030 ni amalga oshirish to‘g‘risida”gi Ixtiyoriy milliy hisobotini (IMH) taqdim etgan bo‘lsa, joriy yilda ikkinchi IMH taqdim etilishi kutilmoqda.
Ikkinchidan, Qo‘shma qarorda belgilangan vazifalar asosida Barqaror rivojlanish markazi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun global harakatlar kampaniyasiga (UN SDG Action Campaign) qo‘shildi.
Ushbu UN SDG Action Campaign mamlakatlar, mintaqalar, maqsadlar va hududlar kesimi bo‘yicha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun yo‘naltirilgan harakatlarni qayd qiladi va dunyoning global xaritasida aks ettiradi. Bu, o‘z o‘rnida, jamoaviy harakatlar butun dunyo bo‘ylab katta o‘zgarishlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatish uchun BMTning asosiy yutuqlari haqida hisobot berishga imkon beradi.
2022 yilda dunyo bo‘ylab BRMlarga erishish uchun 142 million harakatlar global #Act4sdg haftaligining bir qismi sifatida amalga oshirildi. Bu esa, albatta, BRMga erishishni jadallashtirish bo‘yicha saʼy-harakatlarga ijobiy taʼsir ko‘rsatgan va 142 milliondan ziyod inson sayyoramiz hayotini o‘zgartirishga xizmat qilganidan dalolat beradi.
Uchinchidan, ushbu davra suhbati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respubliksida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori 12-bandida belgilangan mamlakatimizda “Inson huquqlari” haqtaligini o‘tkazish bo‘yicha dastur doirasida o‘tkazilmoqda. Bu, o‘z navbatida, ushbu sohada ham fuqarorlik jamiyati institutlari va davlat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanayotganidan dalolat beradi.
To‘rtinchidan, Barqaror rivojlanish markazi tomonidan F.Ebert fondi ko‘magida “O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish orqali jamiyatning barqaror rivojlanish maqsadlari haqida xabardorligini oshirish” tadqiqoti o‘tkazildi va uning natijalari davra suhbatida taqdim etiladi.
Muxtasar qilib aytganda, Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan BMT rezolyutsiyasi hamda parlament palatalari kengashlari Qo‘shma qarori mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotida, jumladan, fuqarolarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtiroki borasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlashda parlament, barcha darajadagi vakillik hokimiyati organlari, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini oshirish borasida tizimli tashkiliy-huquqiy tadbirlarni amalga oshirishning mustahkam asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori