Konstitutsiyada o‘qituvchi maqomi: uchinchi renessansning mustahkam zamini

Bugun dunyoning turli nuqtalarida ro‘y berayotgan tahlikali voqealar insoniyatdan ogohlik va hushyorlikni yana-da oshirishni, tinchlik va taraqqiyot yo‘lida hamjihatlikni kuchaytirishni talab etayotir. Tabiiyki, bu global masalalarni hal etishda yoshlar siyosati va taʼlim islohotlarining o‘rni muhim.
Taʼlimning inson kamolotidagi o‘rni haqida so‘z borar ekan, jadid bobolarimiz o‘gitlari tasavvurimizda qayta-qayta jonlanadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy bu borada to‘xtalib, “Sizlarg‘a vasiyat qilaman. Maorif yo‘lida ishlaydurg‘on muallimlarning boshini silangizlar! O‘rtadan nifoqni ko‘taringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qo‘ymangizlar”, degan edi.
Vatanparvar ajdodlarimizning bu boradagi chaqiriqlari, daʼvatlari bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda muhim dasturulamal bo‘lmoqda. Prezidentimiz konstitutsiyaviy islohotlar zaruriyati haqida gapirganda, taʼlim, ilm-fan va innovatsion rivojlanish, ayniqsa o‘qituvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratishi zamirida ham shu maqsad mujassam.
Davlatimiz rahbari bu borada Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida alohida to‘xtalib, “Taʼlim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir”, deya taʼkidlagan edi. O‘qituvchilarning maqomini, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarurligi qayd etilgandi.
Nega aynan o‘qituvchilar maqomi Konstitutsiya darajasida muhofaza qilinishi kerak, boshqa kasblar shunday eʼtiborga loyiq emasmi, degan savollar tug‘ilishi tabiiy. O‘qituvchi va murabbiylar hurmatini Konstitutsiya darajasida mustahkamlash aslida inson hurmati, inson qadri masalasi hisoblanadi. Zero, taʼlim sifatini zamonaviy bilimlarga ega hayotdan rozi o‘qituvchisiz taʼminlab bo‘lmaydi. Buning uchun esa o‘qituvchining ijtimoiy va moddiy farovonligi haqida g‘amxo‘rlik qilish, uning hurmatini joyiga qo‘yish talab etiladi.
Bu borada xalqaro tajribaga nazar soladigan bo‘lsak, Yaponiya, Xitoy kabi Osiyo davlatlaridagi iqtisodiy moʻjiza taʼlim islohoti bilan bog‘liq. Yoki Koreya va Singapur tajribasini olaylik. Ular o‘tgan asrning 60-yillarida qoloq mamlakatlar bo‘lgan. Invesititsiyani taʼlimga juda oqilona sarflash natijasida bugungi kunga kelib bu davlatlar Osiyoning eng ilg‘or mamlakatlariga aylandi.
Tan olishimiz kerak, ilgarii Konstitutsiya, deganda aksariyat hollarda davlat organlari maqomi tushunilsa, endilikda har birimiz va farzandlarimizning kelajagi uchun suv va havodek muhim bo‘lgan masala – o‘qituvchining maqomi ham mustahkamlanmoqda. Yangi norma davlat organlari va boshqa tashkilotlarning maktablar va o‘qituvchilar faoliyatiga asossiz aralashuvga, pedagog kadrlarning shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ularning mehnatga majburlanishiga, taʼlim-tarbiya jarayoniga to‘sqinlik qilishga, o‘qituvchilarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kompleks choralarni ko‘rishga xizmat qiladi.
Ko‘p yillar xalqimizni tashvishga solib kelgan majburiy mehnat holatlari ham o‘qituvchilarning huquqiy maqomi bo‘yicha bo‘shliqlar natijasi bo‘lgan, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Huquqiy bo‘shliq oqibatida ijro organlari tomonidan o‘qituvchilar shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi turli kampaniyabozlik holatlari davom etaverdi. Bunda o‘qituvchilar aholi qarzdorligini undirish, turli ro‘yxatlarni shakllantirish, zerikarli tadbirlarda bo‘sh zallarni to‘ldirish kabi mantiqsiz faoliyat bilan band etilgani ham ayni haqiqat.
Bu borada Prezidentimiz 2018 yilda xalq taʼlimi xodimlarini xizmat vazifalariga bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, jumladan, tuman va shaharlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga va boshqa turdagi ishlarga jalb qilishni taqiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzolab, keng jamoatchilik ham o‘qituvchilar qadrini ko‘tarish ishlariga astoydil bel bog‘laganini alohida eslab o‘tish joiz.
O‘qituvchi maqomi Konstitutsiya darajasida belgilanishi davlatning ilm-fan, maʼrifat va taʼlim bo‘yicha tub islohotlar qilishga chog‘langanini ko‘rsatadi. O‘qituvchining huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari Asosiy qonun orqali mustahkamlanishi ularni har qanday tarzda cheklashning oldini oladi.
Taʼkidlash joizki, mazkur konstitutsion norma o‘qituvchilarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi, o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi, ularning ijtimoiy maqomi va obro‘sini oshirish uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratishi, shuningdek, o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun kafolatlar berishga xizmat qiladi. Shuningdek, yangi tizim o‘qituvchilik kasbini nafaqat moliyaviy, balki intellektual jihatdan ham jozibador qilishga asos bo‘ladi. Bu esa, o‘z o‘rnida, o‘qituvchilarning mehnatini munosib rag‘batlantirish bo‘yicha barcha kuch va resurslar, saʼy-harakatlar safarbar etilishini anglatadi.
Alohida taʼkidlash lozimki, biz yashayotgan shiddatli axborot zamonida kechagi bilim bugungi kunga to‘g‘ri kelmayapti. Xususan, 20 yil oldin savodxonlik asosan faqat kitob yoki matnni o‘qish, deb tushunilgan bo‘lsa, bugungi kunda bilim bilan birgalikda uni amaliyotga joriy eta olishingiz lozim. O‘quvchilarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish o‘qituvchining tinmasdan o‘z ustida ishlashi, har kuni zamonaviy bilimlarni egallashini taqozo etadi. Yangi norma shu maʼnoda o‘qituvchilar kasbiy va shaxsiy rivojlanishiga katta motivatsiya va impuls beradi.
Taʼkidlash joizki, YUNESKOning 1966 yil 5 iyuldagi “O‘qituvchilar maqomi to‘g‘risida”gi tavsiyasining 7-bandida pedagogning erkinlik prinsipi mustahkamlangan. Shuningdek, mazkur normaga o‘xshash qoidalar Germaniya, Portugaliya, Urugvay, Ekvador, Misr konstitutsiyalarida ham belgilab qo‘yilgan. Mazkur norma davlat organlari va boshqa tashkilotlar pedagog kadrlar shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ular mehnatga majburlanishiga, taʼlim-tarbiya jarayoniga to‘sqinlik qilishning har qanday shakllariga, o‘qituvchilar huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni ko‘rishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 685 mingdan ortiq o‘qituvchining davlat tomonidan professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishi kuchaytirilishi, pirovardida, ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va obro‘sini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
Ixtiyor Bekov,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori