Belarusda mamlakatimiz konstitutsiyaviy islohotlariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimizning Belarusdagi elchixonasida Belarus oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Sardor Donayev, ushbu oliy o‘quv yurti mutasaddilari hamda Belarus Milliy texnika universitetining professor- o‘qituvchilari ishtirokida O‘zbekistonning konstitutsiyaviy islohotlariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar mazmuni va tub mohiyati, yurtimizni yana-da barqaror rivojlantirish, mamlakatimizning yangilangan tashqi siyosati va iqtisodiy taraqqiyot, aholi farovonligini oshirish borasida erishilayotgan muvaffaqiyatlar, shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlarning konseptual bandlari, maqsad va vazifalari haqida batafsil maʼlumotlar hamda o‘zlarining fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdilar.
Xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasini isloh qilishdagi ustuvor yo‘nalishlar, shu jumladan, suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat tamoyillarni mustahkamlash, fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini taʼminlash, o‘qituvchilar maqomini yuksaltirish, yoshlar hayotda o‘zlarini to‘laqonli namoyon etishlari uchun davlat tomonidan zarur shart-sharoitlar yaratish, raqobatbardosh milliy iqtisodiyotni rag‘batlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rish, OAV va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yana-da faollashtirishga oid mavzularda taqdimotlar ham o‘tkazildi.
Shu o‘rinda joriy yil mart oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi palatalari hamda Konstitutsiyaviy sudi majlislarida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazish haqidagi masalaga alohida eʼtibor qaratildi.
Bo‘lajak referendum yuksak demokratiya mezonlari asosida o‘tishi uchun mamlakatimizda katta tayyorgarlik ko‘rilayotgani qayd etilar ekan, vatandoshlarimiz ushbu siyosiy tadbirda faol ishtirok etishga daʼvat qilindi.
Tadibrda ishtirok etgan yurtdoshlarimiz o‘z chiqishlarida konstitutsiyaviy islohotlarni faol qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.
Uchrashuvda, shuningdek, madaniy-maʼrifiy tadbirlarni birgalikda tashkil etish, yurtimiz bayramlarini nishonlash orqali o‘zbek xalqining milliy qadriyatlarini xorijiy mamlakatda keng targ‘ib qilish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
“Dunyo” AA