В белорусском вузе прошло мероприятие, посвященное празднику Новруз

Belarus Davlat informatika va radioelektronika universitetida (BDIRU) elchixona ko‘magida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonasi vakili shodiyona ishtirokchilarini qutlar ekan, Navro‘z bayramining tarixi va uning shukuhi vatarovati, xalqimizning asriy anʼanalarga sodiqligi, ushbu ayyomning mamlakatimiz hududlarida nishonlanishidagi o‘ziga xosliklar haqida atroflicha to‘xtaldi. U uch ming yildan ziyod tarixga ega bo‘lgan Navro‘z ayyomi asrlar davomida odamlarni maʼnan birlashtiruvchi, ular qalbida ezgu fazilatlarni yana-da mustahkamlovchi, insoniylik,
qut-baraka va to‘kinchilik bayrami sifatida yurtimizda anʼanaviy ravishda keng nishonlanib kelishini qayd etdi.
Ayni kunlarda Navro‘z bayrami O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 30 yilligi munosib nishonlanayotgan pallaga to‘g‘ri kelgani qayd etilar ekan, o‘tgan davr davomida ikki davlat o‘rtasida yuqori darajada ishonch o‘rnatilgani hamda ikki tomonlama hamkorlikning zarur mexanizmlari yaratilgani holda o‘zaro yaqin hamkorlik izchil davom etayotgani taʼkidlandi.
O‘z navbatida, BDIRU mutasaddilari bugungi kunda O‘zbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan barcha jabhalardagi islohotlar o‘zining ijobiy natijalarini berayotganini eʼtirof etishgani barobarida o‘zbekistonlik talabalar bilim olishga intilishlari, tirishqoqligi, mehnatsevarligi bilan munosib farzandlar va o‘z kasbining yetuk mutaxassislari bo‘lishlariga ishonch bildirishdi.
Tadbirning madaniy qismida konsert dasturi namoyish qilindi. Talaba yoshlarimiz vatanga muhabbat, yangilanish fasli haqida kuy-qo‘shiqlar hamda o‘zbek milliy raqslarini ijro etdilar.
Bayram tantanalari turli sport musobaqalari, sahna ko‘rinishlari va badiiy chiqishlar bilan davom etdi.
Vatandoshlar bilan muloqot chog‘ida O‘zbekistonning madaniy va maʼnaviy merosini Belarusda keng targ‘ib qilish, o‘zbek tili, madaniyati va anʼanalarini saqlab qolish hamda rivojlantirish yuzasidan ham o‘zaro fikr almashildi.
Tadbir yakunida barcha mehmonlar bayram dasturxoniga taklif qilindi.
“Dunyo” AA