В Беларуси прошел футбольный турнир «Navruz Cup 2023».

Navro‘z bayrami arafasida Minsk shahrida “Navruz Cup 2023” futbol musobaqasi tashkil etildi. Unda Belarus Davlat informatika va radioelektronika (BDIRU), Milliy texnika (BMTU), Davlat texnologiya (BDTU), Davlat jismoniya tarbiya (BDJTU), Baranovich davlat (BarDU), Polosk davlat (PDU) universitetlarida taʼlim olayotgan o‘zbekistonlik talabalardan iborat 6 jamoa o‘zaro bellashdi.
Mazkur sport tadbiri avvalida O‘zbekistonning Minskdagi diplomatiya vakolatxonasi vakillari so‘zga chiqishib, vatandoshlarimizni “Navruz” umumxalq bayrami bilan samimiy tabriklashar ekan, davlatimiz rahbari tomonidan ommaviy sport va sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga katta ahamiyat qaratilayotgani, buning natijasida O‘zbekiston sportchilari xalqaro maydonda yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarishayotgani, bu kabi tadbirlar yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga katta hissa qo‘shishini taʼkidladilar.
Bundan tashqari, musobaqa ishtirokchilariga joriy yil mart oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi palatalari hamda Konstitutsiyaviy sudi majlislarida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazilishi va bo‘lajak ushbu siyosiy tadbir yuksak demokratik mezonlar asosida o‘tishi uchun mamlakatimizda katta tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi maʼlumotlar ham taqdim qilindi. Vatandoshlarimiz bo‘lajak referendumda faol ishtirok etishga chaqirildi.
Musobaqada 48 nafar talaba yoshlarimiz o‘zaro bellashishdi. Ularni mamlakat oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan vatandoshlarimiz, ularning belaruslik kursdoshlari hamda OTM bitiruvchilari xalqaro assotsiatsiyasi vakillari qo‘llab-quvvatlab turishdi.
Futbol turniri kuchli raqobat muhitida, shuningdek, samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi. Turnir g‘olibligini qo‘lga kiritgan BMTU (birinchi o‘rin), BDIRU (ikkinchi o‘rin) va PDU (uchinchi o‘rin) jamoalarining aʼzolari maxsus kubok, nishon va diplomlar bilan taqdirlanishdi.
“Dunyo” AA