Belarusdagi Vatandosh: mamlakatimizda har bir islohot eng avvalo inson uchun ekanligi yangilanajak asosiy qonunimizda mustahkamlanishi katta e'tiborga loyiqdir

- O'zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi to'g'risida"gi mamlakatimiz Konstitusiyaviy qonuni loyihasi bo'yicha referendum o'tkazish haqidagi ma'lumot xalqimiz va jahon hamjamiyati vakillari o'rtasida katta aks-sado bermoqda.
Men ham bunga o'z munosabatimni bildirar ekanman, bir jihatni, ya'ni mamlakatimizda har bir islohot - islohot uchun emas, eng avvalo, inson uchun ekanligi yangilanajak asosiy qonunimizda mustahkamlanayotganini ta'kidlashni istar edim. Bu esa jonajon Vatanimizda inson qadri muqaddas ekanligi to'g'risidagi tamoyil o'z tasdig'ini yaqqol topmoqda, degan gapdir.
Konstitusiya loyihasiga kiritilgan yangi qoidalar insonning har taraflama etuk shaxs bo'lib etishishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishi, shubhasiz, katta e'tiborga sazovor.
Xususan, ta'lim sohasiga yanada jiddiy ahamiyat berilayotgani barchani birdek quvontiradigan jihat. Bu yo'nalishdagi sa'y-harakatlar kelajakda mamlakatimiz ravnaqiga ulkan hissa bo'lib qo'shilishiga aminman.
Shu bois 30 aprel kuni bo'lib o'tadigan referendumda yurtdoshlarim qatori men ham faol ishtirok etaman.