O‘zbekiston va Belarus parlamentlararo hamkorlik guruhlarining navbatdagi majlisi o‘tkazildi

Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda O‘zbekiston va Belarus parlamentlari aʼzolari, devonlari xodimlari, vazirlik va idoralar, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etdi.
Majlisda ikki davlat diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va xodimlari ham qatnashdi.
Kun tartibiga asosan ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi, parlamentlararo hamkorlikni, mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat parlamentlari palatalari rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Bir qator rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha erishilgan natijalar, parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash do‘stlik rishtalari bilan bog‘langan ikki mamlakat xalqlarining orzu-istaklari va manfaatlariga to‘la javob berishini taʼkidladi.
O‘zaro manfaatli keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha parlamentlararo sheriklik munosabatlarini rivojlantirishni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.
Majlisda tegishli «yo‘l xaritalari»ga kiritilgan qo‘shma savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirishning borishi ham ko‘rib chiqildi. Ularni amalda ro‘yobga chiqarishda parlament ko‘magini ko‘rsatishda o‘zaro manfaatdorlik va yaqin hamkorlikka tayyor ekani tasdiqlandi. Shu nuqtai nazardan, ikki mamlakat parlamentlari rahnamoligida navbatdagi O‘zbekiston-Belarus hududlar forumini o‘tkazish muhimligi taʼkidlandi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Belarus parlamentlararo hamkorlik guruhlari orqali ikki mamlakat fuqarolari manfaatlaridan kelib chiqib belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirishga qaratilgan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.