O‘zbekiston va Belarus prezidentlari amaliy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning 4-may kuni boʻlib oʻtgan telefon orqali muloqotida hamkorlikning qoʻshma loyihalarini jadallashtirish va savdo aloqalari dinamikasini taʼminlash masalalari muhokama qilindi. Suhbat avvalida Belarus Prezidenti joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tgani bilan samimiy tabrikladi.
Prezidentlar O‘zbekiston-Belarus hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi doirasida ikki tomonlama tadbirlar majmuasi o‘tkazilmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar soni ortib bormoqda.
Qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasining qo‘shma loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ularni jadallashtirish uchun Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish va faol hududlararo almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.