O‘zbekiston delegatsiyasi Belarusning Vitebsk shahrida o‘tkazilgan xalqaro iqtisodiy forumda ishtirok etdi

Joriy yilning 17-18 may kunlari Vitebsk shahrida XI “Innovatsiyalar, Investitsiyalar, Istiqbollar” mavzusida xalqaro iqtisodiy forum bo‘lib o‘tdi.
Unda Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Alisher Zokirov va O‘zbekiston elchixonasi vakillari ishtirok etishdi.
Forum doirasida Vitebsk viloyat ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksandr Subbotin va viloyatda faoliyat yurituvchi bir qator korxonalarning rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Vitebsk viloyat ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksandr Subbotin bilan muloqot chog‘ida suhbatdosh bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholagani barobarda, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish ikki davlat o‘rtasidagi savdo iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlashini, Vitebsk viloyati ushbu yo‘nalishdagi faolligini davom ettirishini urg‘uladi.
Maʼlumot o‘rnida taʼkidlash joiz, Vitebsk viloyati bilan Namangan, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risida shartnomalar imzolangan.
2022 yilning 25-26 avgust kunlari Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari O‘tkir Qodirov boshchiligida delegatsiya Vitebsk viloyatiga, 10-13 oktyabr kunlari Vitebsk viloyat ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksandr Subbotin boshchiligadagi delegatsiyaning Qashqadaryo va Samarqand viloyatlariga tashriflari amalga oshirilgan.
“Energokomplekt” kompaniyasi direktori o‘rinbosari Nadejda Podgayskaya, “BelVitunifarm” OAJ Bosh direktori Sergey Bolshakov, “Marko” xoldingi taʼsischisi Nikolay Martinov bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning istiqbollari muhokama qilindi.