Minskda tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining Prezident saylovlarida ovoz berishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi

MINSK, 23 may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti va M.Tank nomidagi Belarus davlat pedagogika universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Talabalarga 9 iyul kuni O‘zbekistonda muddatidan ilgari Prezident saylovi o‘tkazilishi, shuningdek, Minskdagi elchixona huzurida tashkil etilgan saylov uchastkasida ovoz berish imkoniyati haqida maʼlumot berildi. Diplomatlar muddatidan ilgari saylovlar umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga javob beradigan milliy saylov qonunchiligi, shuningdek, demokratik tamoyillar asosida ochiq va oshkora o‘tkazilishini alohida taʼkidladilar.
Shu bilan birga, muddatidan ilgari Prezident saylovini o‘tkazish davlat hokimiyatining yangilangan Konstitutsiya talablari asosida faoliyat ko‘rsatishini taʼminlashga, demokratiya tamoyilini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi alohida urg‘ulandi.
Yurtdoshlarmizga o‘z xavfsizligini taʼminlash choralari, Belarus qonunchiligiga qatʼiy rioya qilish, taqiqlangan ommaviy tadbirlarda qatnashmaslik va konsullik ro‘yxatidan o‘z vaqtida o‘tishning afzalliklari tushuntirildi.
Uchrashuv so‘nggida vatandosh talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga o‘zbek diplomatlaridan atroflicha javob oldilar.