O‘zbekiston TIV delegatsiyasi Belarus strategik tadqiqotlar institutida ikki tomonlama munosabatlarga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Bobur Usmanov boshchiligidagi delegatsiyaning Minsk shahriga tashrifi doirasida Belarus strategik tadqiqotlar institutida ikki tomon o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston-Belarus ko‘p qirrali hamkorligining bugungi kundagi rivojlanish darajasini yuqori baholab, o‘zaro manfaatli aloqalarni yana-da jadallashtirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini taʼkidladilar.
Davra suhbatida O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, 2023 yil 9 iyulda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi yakunlari yuzasidan ekspertlar fikrlari tinglandi.
O‘zbekiston va Belarus tahlil markazlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, tomonlarni qiziqtirgan sohalarda qo‘shma ilmiy-tadqiqot dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha saʼy-harakatlarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha Minsk shahrida O‘zbekiston va Belarus tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar delegatsiyalarga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmanov va Belarus tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Igor Nazaruk boshchilik qildi.