«Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi» formati – zamonaviy sharoitda mintaqalararo hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi

Shu yil 18-19 iyul kunlari O‘zbekiston Prezidenti Jidda shahriga tashrif buyurib, Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi Muhammad ibn Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud raisligida bo‘lib o‘tadigan «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi (KADHK)» formatidagi birinchi sammitda ishtirok etadi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Ko‘rfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi 1981 yil 25 mayda tashkil etilgan mintaqaviy tashkilotdir. Unga Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Kuvayt, Qatar, O‘mon va Bahrayn kiradi. Ushbu davlatlar uglevodorodlar yetkazib beruvchi yetakchi mintaqa va nufuzli jahon moliya markazi hisoblanadi.
Tashkilotning asosiy maqsadi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik va integratsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish, ya’ni iqtisodiy va moliyaviy masalalar, ta’lim va madaniyat, ijtimoiy va sog‘liqni saqlash, ommaviy axborot vositalari va turizm, qonunchilik va boshqaruv muammolari kabi sohalarni tartibga solishdan iborat. Kengash, shuningdek, sanoat, qishloq xo‘jaligi va suv resurslarini muhofaza qilish sohalarida ilmiy va texnologik taraqqiyotni rag‘batlantiradi.
Qo‘shma iqtisodiy kelishuv shartlariga ko‘ra, olti davlat o‘rtasida tarif to‘siqlari bekor qilingan. Ular o‘zaro kelshiviga muvofiq, istalgan davlatda teng shartlar asosida ishlab chiqarish korxanalarini ochish va shartnomalar tuzish huquqiga ega.
KADHKning asosiy organlari - har yili yig‘iladigan Davlat rahbarlarining Oliy kengashi va har uch oyda bir marta yig‘iladigan Tashqi ishlar vazirlari kengashi hisoblanadi.
Kengash Bosh kotibiyatining shtab-kvartirasi Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyozda joylashgan.
Dunyoda yuzaga kelayotgan murakkab vaziyat, global siyosiy, harbiy, iqtisodiy va moliyaviy muammolar va tahdidlar hamda ularning fonida Markaziy Osiyoning xavfsizligi va iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash masalalari hamkorlik geografiyasini yanada diversifikatsiya qilish, shu jumladan arab dunyosi mamlakatlari bilan aloqalarni kengaytirish, shuningdek, mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va mustahkamlashni dolzarblashtirmoqda.
Shu nuqtai nazardan, KADHKga a’zo davlatlar bilan ushbu barcha sohalarda, shuningdek, ilmiy yo‘nalishda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va faollashtirish juda muhim bo‘lib qolayotir. Markaziy Osiyo va arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi darajasi aslida yangilik emas. Ushbu aloqalar tarixning barcha davrlarida mavjud bo‘lgan. Biroq, turli omillar, jumladan, tarixiy, siyosiy, mafkuraviy va boshqalar tufayli ular hozirgidek yaqin kechmagan.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasi sarmoyaviy faollik va iqtisodiy o‘sishning muhim markazlaridan biriga aylanib borayotgani hech kimga sir emas. Ayrim ekspertlarning fikricha, mintaqa davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti so‘nggi besh yilda 20 foizga o‘sib, 340 milliard dollardan oshdi. Aynan so‘nggi yillarda kuzatilgan yuqori darajadagi o‘sish tufayli mintaqa mamlakatlari «Markaziy Osiyo plyus» muloqot formati doirasida yetakchi davlatlar va kuch markazlari bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda o‘ziga xos umumiy yondashuvni ishlab chiqdi.
Hozirgi bosqichda Markaziy Osiyo va KADHK davlatlari o‘rtasidagi strategik hamkorlikning rivojlanishiga o‘rtadagi masofa to‘sqinliq qilmoqda, biroq bu holat qo‘shma infratuzilma va energetika loyihalarini amalga oshirish uchun to‘siqlar yaratmayapti. Ushbu jarayonni jadallashtirish uchun har ikki hududda investorlarni faollashtirish zarur, bu esa ularni yangi imkoniyat va ishbilarmonlik muhitidan xabardor bo‘lishini talab qiladi. Shuningdek, biznes hamjamiyatlari uchun an’anaviy va qayta tiklanadigan energiya va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha yirik loyihalarga zarur bo‘lgan kapital va tajribaga ega uchinchi tomon investorlarini jalb qilish orqali investitsiyalarni diversifikatsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Mutaxassislarning aytishicha, ushbu say’-harkatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat-xususiy sheriklikni jalb qilish va qo‘llab-quvvatlashi kerak. Eng qiyin vazifalardan biri - bu Kengashga a’zo davlatlar bilan transport va tranzit aloqalarini ta’minlashdir.
2022 yil sentyabr oyida Ar-Riyozda tashqi ishlar vazirlari darajasida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi» Strategik muloqotining birinchi yig‘ilishida ishtirokchilar umumiy qadriyatlar va o‘zaro manfaatlarga asoslangan kuchli hamda istiqbolli sheriklik va xalqlar o‘rtasidagi chuqur tarixiy aloqalar, mavjud siyosiy va iqtisodiy ko‘p tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qat’iy tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv davomida vazirlar global iqtisodiyotni tiklash, COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan iqtisodiy ta’sirni bartaraf etish, ta’minot zanjirlari barqarorligini, transport va tranzit aloqalarini, oziq-ovqat, energetika va suv xavfsizligini ta’minlash, toza energiya manbalari va texnologiyalari, shunindek, ekologik muammolarni hal qilishni rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha vazirlar Markaziy Osiyo va KADHK davlatlari o‘rtasida siyosiy va xavfsizlik masalalari, iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik, xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirish, shuningdek, ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida samarali hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan strategik muloqot va hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasini tasdiqladilar.
Ayni paytda O‘zbekiston KADHKga a’zo davlatlar bilan barcha sohalarda aloqalarni faol rivojlantirmoqda. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar almashilyapti. Xususan, joriy yilda Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi. 2019 yil mart oyida davlatimiz rahbarining BAA va 2022 yilda Saudiya Arabistoniga rasmiy tashriflari bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda ushbu tuzulmaga a’zo mamlakatlar bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi keskin oshib, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar soni ortib bormoqda. Biroq, O‘zbekistonning KADHK mamlakatlari bilan umumiy savdo aylanmasi bugungi kunda mavjud salohiyatga javob bermaydi. 2022 yil yakunlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatgich qariyib 870 million dollarni tashkil etdi. Turli darajadagi tashriflar va muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, yangi loyihalarni hayotga tadbiq etish jarayonini jadallashtirish o‘zaro savdo va sarmoyaviy hamkorlik hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Bunda siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmidan foydalanish, shuningdek, Saudiya Arabistoni, BAA, O‘mon va boshqa davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiyalar ishlarini faollashtirish ko‘p jihatdan yordam berishi mumkin.
Muxtasar aytganda, Ko‘rfaz davlatlarining iqtisodiy rivojlanishi, moliyaviy va sarmoyaviy salohiyati sharoitida Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Kuvayt, Bahrayn va O‘mon davlatlarining jahondagi muhim va ishonchli hamkorlar sifatidagi roli ortib bormoqda. O‘z navbatida, “Markaziy Osiy – KADHK» formatiga bo‘lgan ikki mintaqa davlatlarining qiziqishi O‘zbekiston yetakchi o‘rinni egallaydigan Markaziy Osiyo mintaqasining ahamiyati ham ortib borayotganidan dalolat beradi.