Belarusda O'zbek tili bayrami kuni munosabati ma’rifiy tadbirlar bo'lib o'tdi

Xususan, "O'zbek tili do'stlari" klubi a’zolari bilan birgalikda Minsk shahridagi bir qator oliy o'quv yurtlari hamda Vitebsk davlat veterinariya akademiyasida tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar va Belarus vakillari ishtirokida ushbu sanaga bag'ishlangan bayram tadbirlari o'tkazildi.
O'zbek tilining maqomini yanada mustahkamlash, uning xalqaro miqyosdagi o'rni va nufuzini oshirish, ona tilimizni xorijdagi vatandoshlar, ularning oila a’zolari o'rtasida keng targ'ib qilish hamda uni mukammal o'rganish uchun barcha imkoniyatlar mavjud ekanligi to'g'risidagi ma’lumotlar, videolavhalar tadbir ishtirokchilarining e’tiboriga havola qilindi.
Vitebsk davlat veterinariya akademiyasi xalqaro aloqalar, kasbga yo'naltirish va oliy ta’lim muassasasiga qadar tayyorgarlik fakultetining dekani Aleksandr Solovyev mamlakatimiz vakillarini O'zbek tili bayrami kuni bilan tabriklar ekan, har qanday millatning o'zligi, ruhi ona tilida mujassam bo'lishini alohida ta’kidladi.
Tadbirlar doirasida o'zbek tilining xalqaro nufuzi, mavqei va jozibadorligini keng targ'ib qilish maqsadida mamlakatimizdan keltirilgan o'zbek madaniyat arboblari, shoir va yozuvchilarining suratlari aks etgan plakat hamda o'zbek adabiyotining mumtoz namoyandalari, yozuvchi va shoirlarining ijodiy asarlari, she’riy to'plamlaridan iborat kitoblar taqdimoti ham uyushtirildi.