Minsk shahridagi oziq-ovqat ko'rgazmasida O'zbekiston milliy taomlari taqdim etildi

MINSK, 17-noyabr. /"Dunyo" AA/. 14-17-noyabr kunlari Belarus poytaxtida tashkil etilgan 29-Xalqaro ixtisoslashtirilgan ulgurji "PRODEKSPO-2023" ko'rgazma-yarmarkasi doirasida o'zbek milliy taomlari taqdimoti o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Ushbu ko'rgazma qariyb 30 yildan beri oziq-ovqat hamda ichimlik ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilarni birlashtirib kelmoqda. Ko'rgazma gastronomik yangiliklar va mahsulot ishlab chiqarish texnologiyalarining taqdimotlari uchun namoyish maydonchasiga aylangan.
"PRODEKSPO" o'zining keng assortimentdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan mashhur: kundalik mahsulotlardan tortib, bayramona, shuningdek, maxsus taomlargacha. Bu yil besh mamlakatdan 126 nafar ishtirokchi ko'rgazmada qatnashish uchun ariza topshirdi. Ular orasida Belarus, Rossiya, O'zbekiston, Vetnam hamda Turkmaniston kompaniyalari, xolding va korxonalari mavjud.
Ko'rgazma doirasida mamlakatimiz elchixonasi "Jahon oshxonalari" festivalida O'zbekiston taqdimoti bilan ishtirok etdi. Bu esa tashrif buyuruvchilarga respublikaning turizm salohiyati, milliy taomlari, madaniyati va an’analari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Taqdimot YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosining bir qismi sifatida e’tirof etilgan o'zbek palovini tayyorlash bo'yicha o'zbekistonlik oshpazning mahorat darsi bilan birga kechdi.
Tadbir tashkilotchilari O'zbekiston madaniyatining eng ko'zga ko'ringan jihatlaridan biri bu uning milliy taomlari ekanligini ta’kidladi. Oshpazlik an’analari o'zbek xalqining tarixi, uning turmush tarzi va qadriyatlari haqida ko'proq ma’lumot olish imkonini beradi.
Tadbir davomida O'zbekiston haqidagi videoroliklar namoyish etildi. Shuningdek, konsert dasturi tashkil etilib, o'zbek milliy taomlari tatib ko'rildi.