Joriy yilning 19-20-dekabr kunlari Toshkent shahrida O'zbekiston va Belarus Tashqi ishlar vazirligi Shartnoma-huquq boshqarmalari o'rtasida xalqaro-huquqiy masalalar bo'yicha navbatdagi maslahatlashuvlar bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Delegatsiyalarga O'zbekiston TIV Shartnoma-huquq boshqarmasi boshlig'i Komil Rashidov hamda Belarus TIV Shartnoma-huquq bosh boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Aleksey Panferov rahbarlik qildi.
Ushbu muzokaralar shu yil 13-aprel kuni Samarqand shahrida imzolangan O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Belarus Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi o'rtasida 2023-2024-yillarga mo'ljallangan Maslahatlashuvlar dasturi doirasida tashkil etildi.
Maslahatlashuvlar davomida amaldagi shartnomaviy-huquqiy bazasi inventarizatsiyadan o'tkazildi, shuningdek, istiqbolda yangi ikki tomonlama hujjatlarni ishlab chiqish masalalariga e'tibor qaratildi.
Tadbir yakunlari bo'yicha tegishli Bayonnoma imzolandi.