Suv tejamkor texnologiyalar – davr talabi

Suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, uning har tomchisini maqsadli sarflash ham isrofgarchilikning oldini oladi, ham iqtisodiy samaradorlikka olib keladi. Sir emaski, bugun suv tanqisligi muammosi nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda global muammoga aylanmoqda. Dunyo olimlarining fikrlariga ko‘ra, suv tanqisligi kelgusi 10-20 yillikda juda tahlikali muammoga aylanadi. Shu bois mamlakatimizda ham suvdan tejamkorlik bilan foydalanish borasida bir qator chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan fermer va dehqonlarga qulaylik va imtiyozlar berilmoqda. Buni Qashqadaryo viloyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 2013-2023 yillarda 172 ming 673 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan. Jumladan 38 ming 882 gektar maydonda tomchilatib, 2 ming 274 gektar maydonda yomg‘irlatib, 68 ming 747 gektar maydonda ko‘chma egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish, 23 ming 615 gektar maydonda egatga plyonka tushab sug‘orish, 600 gektar maydonda diskret sug‘orish hamda 38 ming 554 gektar maydonda yerlarni lazerli sug‘orish texnologiyalari qo‘llanilmoqda.
– Yildan-yilga kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi eng muhim masaladir, – deydi Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Habibullo Mamatov. – Keyingi yillarda ushbu texnologiyalarning samarador ekanini dehqon va fermerlarimiz ham anglab yetmoqda va qiziqish bildirmoqda. Xususan, joriy yilning o‘zida viloyatda 28 ming 311 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi.
Viloyatning Qarshi tumani paxta va g‘alla yetishtirishda yetakchi hududlardan hisoblanadi. Tuman dehqon va fermerlari suvdan tejamkorlik bilan foydalanish maqsadida ekin maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishmoqda va yaxshigina samaradorlikka erishmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda 2 ming 440 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan.
– Korxonamiz fermerlar bilan shartnoma asosida viloyat hududida 10 ming gektar maydonda paxta yetishtiradi, – deydi “Sulton Golden teks” MCHJning tomchilatib sug‘orish bo‘yicha mutaxassisi Ilhom Karomov. – Shu maydonlarning ming gektariga fermerlar bilan kelishgan holda tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi. Masalan, Qarshi tumani Xonobod hududidan bizga 180 gektar tashlandiq yer ajratildi. Shu yerni o‘zlashtirib mana birinchi yilda to‘liq tomchilatib sug‘orish usulida paxta yetishtirdik. Hozirgi kunga qadar yig‘ib olinayotgan hosil 40 sentnerdan oshib ketdi. Hali dalada hosil mo‘l. Mahalliy korxonalar tomonidan yetishtirilgan tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilganmiz. Suv sarfida 50 foizgacha iqtisodiy tejamkorlikka erishyapmiz. Viloyatning Kasbi tumanida ham ming gektarga yaqin hududga tomchilatib sug‘orish uskunalari o‘rnatildi. Nishon tumanida mana bu yil 80 gektar yerni tomchilatib sug‘orishga o‘tkazdek. Fermerlarimizning o‘zi ham samaradorlikni ko‘rgach, qiziqish bildirishmoqda va bosqichma-bosqich tejamkor texnologiyalarni tatbiq etyapmiz.
Darhaqiqat, mutaxassislarning ta’kidlashicha, an’anaviy usulda paxta dalalarini sug‘orishda gektariga 7 ming kubgacha suv sarflansa, tomchilatib sug‘orish usulida 3-3,5 ming kub suv ishlatiladi. Mineral o‘g‘itlar sarfi ham ekinning ildiziga manzilli yetkazilishining hisobiga 50 foizgacha iqtisod qilinadi. Bitta ishchining o‘zi 15-20 gektar maydonni bemalol sug‘ora oladi.
– Fermer xo‘jaligimizning 36 gektar sug‘oriladigan yer maydoni bor, – deydi Qarshi tumanidagi “Hilol chiroy fasli” fermer xo‘jaligi rahbari Fazilat Qodirova. – O‘tgan yilda 20 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qildik. Uskunalarni o‘rnatish ishlarida ozgina kechikkanimiz hisobiga o‘tgan yili biroz qiynalgandik. Lekin bu yil to‘liq samaradorlikka erishdik. 16 gektar maydonda paxta yetishtirdik. Hosil biz kutgandan ham yuqori bo‘ldi.
Aytish joizki, tumanda nafaqat paxta va g‘alla maydonlari, balki intensiv usulda tashkil etilgan bog‘larga ham tejamkor sug‘orish uskunalari o‘rnatilmoqda. Masalan, tumanning Akmal Ikromov hududida viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi tashabbusi bilan 10 gektar maydonda intensiv usulda tashkil etilgan bodomzorda ham tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi.
– Bu joylar ilgari qarovsiz holatda edi, – deydi bog‘bon Dilshod Rahimqulov. – Obod qilinib, 10 ming tupdan ziyod pakana bodom ko‘chatlari ekildi va tomchilatib sug‘orish usuli joriy qilindi. Bitta o‘zim bir joyda o‘tirgan holda butun bog‘ni sug‘oraman Qiyinchilik yo‘q. Nasib etsa, mutaxassislar daraxtlar 3 yilda hosilga kirishini aytgan. Aslida bodom ko‘p suv iste’mol qilmaydi. Tomchilatib sug‘orish usulida esa yanada kam suv sarflanar ekan.
Albatta, agrar hudud hisoblangan viloyatda suvdan maqsadli va tejamkorlik bilan foydalanish o‘zining samarasini beradi. Fermer va dehqonlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida viloyatning o‘zida suv tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi korxona faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, Qarshi tumani hududida joylashgan “OMAD START” mas’uliyati cheklangan jamiyati ayni shu maqsadda tashkil etilgan.
8 gektar maydonni egallagan korxona yiliga 80-100 ming tonna xomashyo (granula)ni qayta ishlash quvvatiga ega. Turkiya va Italiyadan keltirilgan texnologiyalar bilan jihozlangan korxona suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqarish va montaj qilish, qishloq xo‘jaligi texnikasi, uskunalari va ehtiyot qismlari savdosi bilan shug‘ullanadi.
– Dastlabki faoliyatimizni suv tejamkor uskunalarni olib kelib o‘rnatib berishdan boshlaganmiz, – deydi korxona ish yurituvchisi Akmal Botirov. – O‘tgan yili viloyatning o‘zida zavodimiz qurildi va shu yerda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Bir oyda 15 ming gektarga yetadigan mahsulot ishlab chiqaryapmiz. Mahsulotlarimiz nafaqat Qashqadaryo viloyatiga, balki boshqa viloyatlarga ham yetkazib berilmoqda. Bundan tashqari, Qozog‘iston, Tojikiston va Afg‘oniston kabi davlatlar bilan ham eksport shartnomalarini imzolaganmiz. Mahsulotlar peshma-pesh jo‘natilyapti.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha respublikada yetakchi o‘rinlarda turuvchi Qashqadaryo viloyatida suv tejamkor texnologiyalarning joriy qilinishi suvni yirik miqdorda iqtisod qilish va orttirilgan suv zaxirasiga boshqa hududlarda ham qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish imkonini beradi. Bu esa viloyat iqtisodiyotining sezilarli ravishda ko‘tarilishiga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri