O'zbekiston XXXI Minsk xalqaro kitob yarmarkasida namoyish etildi

O'zbekiston Adliya vazirligi "Adolat" milliy huquqiy axborot markazi vakillari XXXI Minsk xalqaro kitob ko'rgazma-yarmarkasida ishtirok etishdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Yarmarkada mamlakatimiz nashriyotlarida chop etgan tarixiy, ilmiy, publitsistik, adabiy-badiiy janrlarga oid 100 dan ortiq sara kitoblar va "Adolat" milliy huquqiy axborot markazi tomonidan tayyorlangan ijtimoiy-huquqiy rasmiy nashrlar, sohaga oid adabiyotlar namoyish etildi.
Yarmarka doirasida yurtimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, ijodkorlar, noshirlar va kitob tarqatuvchilar faoliyatini qo'llab-quvvatlash tizimini izchil va samarali tashkil etish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarga oid taqdimotlar ham o'tkazildi.
Ta'kidlash kerakki, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va "Adolat" milliy huquqiy axborot markazi tomonidan chop etilgan Asosiy qonunimiz va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning Brayl alifbosidagi nashri tadbir tashkilotchilari va ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Xususan, Belarus Markaziy saylov komissiyasi raisi Igor Karpenko O'zbekistonda nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash va amalga oshirish yo'lidagi sa'y-harakatlariga yuqori baho berdi hamda bu tajribani Belarusda ham qo'llash lozimligini ta'kidladi.
Minsk xalqaro kitob ko'rgazma-yarmarkasi ijrochi direktori Dmitriy Makarov ushbu ekspozitsiyada beshinchi marotaba ishtirok etayotgan O'zbekistonga tomoniga minnatdorlik bildirdi. U mamlakatimiz bosma mahsulotlari sifati va yuqori noshirlik darajasi bilan ajralib turishini, ko'rgazmada namoyish etilgan kitoblar ko'plab tashrif buyuruvchilar diqqatini o'ziga jalb etganini alohida ta'kidladi.
Ko'rgazma doirasida "Adolat" milliy huquqiy axborot markazi vakillari Belarus Milliy huquqiy axborot markazi bilan hamkorlikni kengaytirish bo'yicha muzokaralar o'tkazishdi.
Tomonlar axborot almashish, ikki mamlakatning rasmiy qonunchilik ma'lumotlari milliy bazalari "LexUZ" hamda "Pravo.by"dan o'zaro foydalanish va targ'ibot ishlarini olib borish bo'yicha kelishib oldilar.