O'zbekiston sayyohlik salohiyati Minskda bo'lib o'tgan xalqaro yarmarkada namoyish etildi

Joriy yilning 18-20-aprel kunlari Minsk shahrida "Otdix-2024" sayyohlik xizmatlarining xalqaro bahorgi ko'rgazma-yarmarkasi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur yarmarkada mamlakatimiz elchixonasi ko'magida Turizm qo'mitasi, "Milliy PR-markazi" tomonidan O'zbekiston milliy stendi tashkil etildi.
O'zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimoti chog'ida ko'rgazma ishtirokchilari va tashrif buyuruvchilarga yurtimizda sayohatning so'nggi paytlarda tobora ommalashib borayotgan tarixiy-arxitektura, gastronomik, MICE, ekstremal va ekoturizm yo'nalishlari haqida batafsil ma'lumot berildi. Toshkent yaqinidagi "Amirsoy" majmuasi O'zbekistondagi eng yirik va Markaziy Osiyodagi eng zamonaviy tog'-chang'i kurorti hisoblanishi qayd etildi.
Turizm sohasi mutaxassislariga dasturlar, sayohatlar va yangi yo'nalishlar, shuningdek, O'zbekistondagi potensial biznes hamkorlar haqidagi ma'lumotlar taqdim etildi.
Tadbir doirasida O'zbekiston delegatsiyasi Belarus sport va turizm vaziri o'rinbosari Oleg Andreychik bilan muzokara o'tkazdilar. Unda turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi.