O‘zbekiston va Belarus parlamentlari yuqori palatalari o‘rtasidagi aloqalar samarali davom ettiriladi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Sankt-Peterburg shahrida Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokara chog‘ida ikki davlat o‘rtasida parlamentlararo muloqotni samarali davom ettirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar o‘tgan yili imzolangan Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum munosabatlarni yana-da yuqori bosqichga olib chiqishga imkon berganini taʼkidladilar.
Ushbu Memorandumni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikdagi amaliy choralar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish yuzasidan fikr almashildi.
Unda oliy darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlar ijrosini birgalikda monitoring qilish mexanizmini takomillashtirish, parlament faoliyati sohasida tajriba almashish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va ayollarning jamiyatdagi rolini oshirish hamda yoshlar parlamentlarining rolini mustahkamlash kabi masalalarni aks ettirishga kelishib olindi.
Tanzila Narbayeva Natalya Kochanovani rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga taklif etdi.