Minskda "Paxtakor" xotirasiga bag'ishlangan uchrashuv bo'lib o'tadi

11-avgust kuni Dneprodzerjinsk osmonida ikkita Tu-134 samolyoti to'qnashib ketishi natijasida bortdagi barcha 178 yo'lovchi, jumladan Minskda "Dinamo" jamoasi bilan futbol bo'yicha sobiq ittifoq chempionatining navbatdagi tur o'yinini o'tkazish uchun borayotgan Toshkentning "Paxtakor" futbol klubining 17 nafar futbolchisi hamda murabbiylar shtabi a'zolari vafot etgan aviahalokatga 45 yil to'ladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
1979-yil 11-avgust kuni sodir bo'lgan mazkur mudhish halokat oqibatida Ravil Agishev, Mixail An, Olim Ashirov, Sirojiddin Bozorov, Konstantin Bakanov, Yuriy Zagumennix, Shuhrat Eshbo'tayev, Aleksandr Korchyonov, Nikolay Kulikov, Vladimir Makarov, Sergey Pokatilov, Vladimir Fyodorov, Vladimir Sobirov Viktor Churkin, Idgay Tazetdinov, Mansur Tolibjonov, Vladimir Chumakov vafot etdi.
Belarus Futbol federatsiyasi portali ma'lumotiga ko'ra, 45 yildan keyin Minskda "o'tkazilmagan o'yin" davom etadi. 2024-yilning 11-avgust kuni "Dinamo-Yuni" stadionida "Paxtakor" faxriylari, jumladan 1979-yilgi tarkib bilan Belarus poytaxtiga uchmagan futbolchilar va "Dinamo" Minsk faxriylari o'rtasida o'rtoqlik o'yini tashkil etiladi. O'sha davr muhitini yaratish uchun tashkilotchilar har ikki jamoa futbolchilari va o'yinni boshqarib boradigan hakamlar uchun retro liboslarni taqdim etishni rejalashtirmoqda. Tadbir doirasida "Paxtakor" futbol klubi faxriylari bilan teleko'prik uyushtirish va klublar rahbarlarining chiqishlari rejalashtirilgan.
O'zbekiston va Belarus Prezidentlari ko'magida bo'lib o'tadigan o'rtoqliq o'yini "Xotira Uchrashuvi – Tinchlik O'yini" bosh g'oyasi ostida tashkil etiladi. Uchrashuvda "Paxtakor" jamoasi faxriylaridan Ahmad Ubaydullayev, Rustam Mirsodiqov, Gennadiy Denisov, Marat Kabayev, Igor Shkvirin, Farxod Magomedov, Anatoliy Solovyov, Aleksandr Juravlev, Erkin Vohidov, Igor Povalyayev, Rinat Fayruzov, Oleg Sinelobov, Oleg Sabirov ishtirok etadi.
Minskning "Dinamo" klubi sharafini esa 1979-yilgi tarkib a'zolari – Eduard Malofeyev, Veniamin Arzamassev, Anatoliy Baydachniy, Sergey Borovskiy, Igor Gurinovich, Yuriy Truxan, Igor Belov, Yuriy Kurbiko, Viktor Shishkin, Valeriy Shaveyko, Vladimir Kurnev, Georgiy Kondratyev, Valeriy Melnikov, Aleksandr Alekseychikov, Leonid Vasilevskiy, Anatoliy Usenko himoya qiladi.