8-10 sentyabr kunlari Samarqand dunyodagi ikkita yirik to‘qimachilik assotsiatsiyasining birinchi qo‘shma konferensiyasini o‘tkazadi

Shu yilning 8-10 sentyabr kunlari Samarqand dunyodagi ikkita yirik to‘qimachilik assotsiatsiyasining birinchi qo‘shma konferensiyasi — “ITMF Annual Conference & IAF World Fashion Convention”ni o‘tkazadi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Innovatsiya, hamkorlik va tartibga solish — to‘qimachilik sanoati va tekstil sohasini harakatlantiruvchi kuchlar” deb nomlangan tadbirda 500 dan ortiq soha mutaxassislari, yirik xalqaro to‘qimachilik kompaniyalari, brendlar, moliya institutlari va chakana savdo vakillari ishtirok etadi.
ITMF kengashining 7 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishi konferensiyaga start beradi. 8-10 sentyabr kunlari rasmiy biznes dasturi doirasida konferensiya ishtirokchilari sanoatning eng dolzarb masalalari va muammolarini muhokama qiladilar: sun’iy intellektning ta’siri, ishlab chiqarishni raqamlashtirish, xalqaro tartibga solish, barqaror rivojlanish va ta’minot zanjirlarini optimallashtirish masalalari.
Konferensiya ma’ruzachilari sifatida Amerika kiyim-kechak va poyabzal sanoati assotsiatsiyasi (AAFA) prezidenti Stiven Lamar, Yevropa kiyim-kechak va to‘qimachilik konfederatsiyasi (EURATEX) bosh direktori Dirk Vantigem, “Inditex” guruhining barqarorlik bo‘yicha direktori Feliks Poza Pena va Cotton Analytics (AQSH), Indorama Corporation (Singapur) va boshqa kompaniyalar vakillari ishtirok etadilar.
Tadbir g‘oliblarning e’lon qilinishi hamda ITMF Awards va ITMF Start-up Award mukofotlarini taqdirlash bilan yakunlanadi, ular 2024 yilda sanoatning eng ajoyib yutuqlari va innovatsiyalarini nishonlash uchun mo‘ljallangan.
“Samarqandda bunday miqyosdagi tadbir o‘tkazilayotgani O‘zbekistonning global to‘qimachilik ta’minoti zanjiridagi tobora ortib borayotgan rolini tasdiqlaydi. O‘zbek paxtasini ko‘p yillik boykot qilishdan so‘ng, tom ma’noda ikki yil ichida biz xalqaro hamkorlarimiz doirasini sezilarli darajada kengaytirib, oldinga katta qadam tashladik. 2023 yilda mamlakat to‘qimachilik sanoati 75 dan ortiq mamlakatlarga taxminan 3,5 milliard dollarlik mahsulot eksport qildi, 2026 yilga kelib esa biz eksport hajmini 6,5 milliard dollarga oshirishni rejalashtirmoqdamiz va kuchli xalqaro sheriklar bilan aloqalarni mustahkamlash ushbu maqsadga erishishda muhim rol o‘ynaydi”, – deydi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Mirmuxsin Sultonov.
Konferensiyaga ro‘yxatdan o‘tish onlayn tarzda ochiq. Ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘ting, tadbir haqida qo‘shimcha ma’lumotni veb-saytda olishingiz mumkin https://www.itmf-iaf-conference-2024-samarkand.org/ .
“Dunyo” AA