O'zbekiston delegatsiyasi Belarus Milliy olimpiya qo'mitasida bo'lib o'tgan Respublika sport ilmiy-amaliy markazi tashkil etilganining 10 yilligiga bag'ishlangan "Sport. Tibbiyot. Fan" mavzusidagi konferensiyada qatnashdi, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.
Anjumanda sport tibbiyoti yo'nalishdagi yutuqlar, muammolar va istiqboldagi vazifalar tahlil qilindi. Mazkur sohada tahlil va ilmiy izlanishlarni kuchaytirish, sportchilarning xalqaro musobaqalarga tayyorlash bo'yicha dasturlar va ularga berilayotgan yuklamalar xususida fikr almashildi.
Respublika sporti tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori o'rinbosari Iskandar Mavlonov anjumandagi nutqida O'zbekistonda sport tibbiyoti sohasida erishilgan natijalar bilan tanishtirdi. Shuningdek, u hamkasblari bilan uzoq yillik hamkorlikni ta'kidlab, turli mamlakatlar olimlarining barcha yutuqlari sportchilar uchun muhim ekanini qayd etdi.
Konferensiya doirasida Minskda sport biomexanikasi, sport psixologiyasi va sport travmatologiyasi masalalariga bag'ishlangan shoʻba yig'ilishlari ham o'tkazildi.