O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Y.F. Karskiy nomidagi Grodno viloyat ilmiy kutubxonasida "O'zbek tili bayrami kuni"ga bag'ishlab "O'zbek she'riyati kechasi" o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda Belarus Yozuvchilar uyushmasining Grodno viloyati bo'linmasi, hududiy ijroiya qo'mitasining madaniyat boshqarmasi vakillari, vatandoshlar, o'zbek adabiyoti va she'riyati ixlosmandlari ishtirok etdi.
Tadbirda buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Ulug'bek tavalludining 630 yilligi munosabati bilan hamda o'zbek adabiyotining yirik namoyandalari Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Yusuf, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Zulfiya, Halima Xudoyberdiyeva ijodiga oid taqdimotlar o'tkazildi. Ular yozgan g'azal va she'rlardan namunalar tinglandi.
Belarusda o'zbek tili va adabiyoti ixlosmandlari orasida ona tilimizning xalqaro nufuzi, mavqei, jozibadorligi va imkoniyatlarini keng targ'ib qilish maqsadida o'zbek xalqining madaniyat arboblari, shoir va yozuvchilarining portretlari hamda o'zbek adabiyotining eng sara asarlari jamlangan nasriy va she'riy kitoblar taqdim etildi.