Maksim Tank nomidagi Belarus davlat pedagogika universitetida ochilgan O'zbek madaniyati markazida 18-noyabr – O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'i qabul qilingan kunga bag'ishlangan ma'rifiy tadbir o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Ishtirokchilarga Davlat bayrog'i 1991-yil 18-noyabrdagi "O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i to'g'risida"gi Qonuni bilan tasdiqlangani, u Vatanimiz ramzi bo'lib, o'zbek xalqining asriy orzu-istaklari, shon-sharafi va faxr-iftixori ifodasi ekanligi ta'kidlandi.
Belarus davlat pedagogika universiteti rahbariyati davlat ramzlaridan biri bo'lgan bayroq har bir mustaqil mamlakatning o'ziga xos milliy xususiyatlarini aks ettiruvchi chuqur ma'noni anglatishini, rasmiy idoralar, xorijda faoliyat yuritayotgan turli vakolatxonalar, BMT va boshqa qator xalqaro tashkilotlar qarorgohida mag'rur hilpirab turishini ma'lum qildilar.
Tadbir yakunida uning ishtirokchilari o'rtasida O'zbekiston bayrog'ini chizish va undagi har bir rang hamda belgilarning ma'nosini sharhlash bo'yicha tanlov o'tkazildi.