Minskda "O'zbekistonning zamonaviy rassomlik san'ati" nomli ko'rgazma ochildi

Belarus poytaxtidagi San'at saroyida "O'zbekistonning zamonaviy rassomlik san'ati" nomli ko'rgazma ochildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur ko'rgazma mamlakatimiz elchixona va O'zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi ko'magida O'zbekiston va Belarus Badiiy ijodkorlar uyushmalari tomonidan tashkil etildi.
Ochilish marosimida Belarus rasmiy idoralari, mamlakatda akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik korpus vakillari, taniqli ijodkorlar, yetakchi oliy ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilari, faol vatandoshlar va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so'zga chiqqanlar ijodiy hamkorlikda bir-biriga tobora yaqinlashib borayotgan ikki mamlakat rassomlarining ijodiy hamkorligi so'ngi yillarda jadalashgani qayd etdilar.
"Ushbu keng ko'lamli tadbir Minsk shahri aholisi va mehmonlarini zamonaviy o'zbek rassomlarining boy va o'ziga xos san'ati bilan tanishtirishga qaratilgan. Bir necha avlod rassomlarining asarlari namoyish etilayotgan ko'rgazma, shuningdek, o'zbek xalqining Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizm ustidan qozonilgan umumiy g'alabaga qo'shgan hissasini namoyon qilish hamda ikki mamlakat o'rtasidagi do'stona aloqalarni mustahkamlashni o'z oldiga maqsad qilgan", dedi Belarus Rassomlar uyushmasi raisi Gleb Otchik.
Ko'rgazmada turli avlod rassomlarining sharqona rangtasvir an'analarini yangi badiiy yo'nalishlar bilan uyg'unlashtirgan eng sara asarlari namoyish etilmoqda.
"O'zbekistonning zamonaviy rassomlik san'ati" nomli ko'rgazma 23-fevralga qadar davom etadi.