O'zbekiston va Belarus monopoliyaga qarshi kurashish bo'yicha tajriba almashadi

O'zbekiston elchisi Rahmatulla Nazarov Belarus monopoliyaga qarshi kurashish, tartibga solish va savdo vaziri Artur Karpovich bilan uchrashi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Suhbat chog'ida tomonlar o'zaro savdo-iqtisodiy munosabatlarning holati to'g'risida ma'lumot almashdilar, shuningdek, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning 2024-yil fevral oyida O'zbekistonga qilgan rasmiy tashrifi yakunlari bo'yicha qabul qilingan "Yo'l xaritasi"da belgilangan vazifalarni amalga oshirishning borishini ko'rib chiqdilar.
Vazir Artur Karpovich MDHga a'zo davlatlarning monopoliyaga qarshi siyosat bo'yicha davlatlararo kengashi doirasida o'zbekistonlik hamkasblar bilan konstruktiv hamkorlikni yuqori baholadi.
U Monopoliyaga qarshi kurashish, tartibga solish va savdo vazirligining tarkibiy bo'linmasi – Belarus universal tovar birjasi faoliyatiga alohida to'xtalib, birja o'zbek hamkorlari bilan so'nggi ikki yil davomida o'zaro manfaatli aloqalarni yo'lga qo'yganini e'tirof etdi.
Tomonlar 2024-yil fevral oyida oliy darajadagi tashrif yakunlari bo'yicha imzolangan O'zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo'mitasi va Belarus Monopoliyaga qarshi kurashish, tartibga solish va savdo vazirligi o'rtasida raqobatni rivojlantirish, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida hamkorlik qilish to'g'risidagi bitim qoidalarini amaliyotga tadbiq etish, shuningdek, undan samarali foydalanish muhimligini qayd etdilar.
Ushbu bitim qoidalarini amalga oshirish mexanizmi, aniq muddatlari va mas'ul shaxslarni tartibga soluvchi qo'shma harakatlar rejasi loyihasini ishlab chiqishga kelishib olindi.