O'zbekiston elchisi Belarus Milliy Assambleyasi Vakillar palatasi raisi bilan uchrashdi

O'zbekiston elchisi Raxmatulla Nazarov Belarus Milliy Assambleyasi Vakillar palatasi raisi Igor Sergeyenko bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida O'zbekiston-Belarus hamkorligi, xususan parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va tadbirkorlik sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko'rib chiqildi.
Ikki davlat rahbarlari o'rtasidagi ishonchli muloqot samarali rivojlanib borayotgani, siyosiy darajadagi aloqalar iqtisodiy hamkorlikning kengayishiga turtki bo'layotgani ta'kidlandi. 2024-yilda tovar ayirboshlash 2023-yilga nisbatan 12 foizga, O'zbekistondan eksport 49,4 foizga oshgani qayd etildi.
Palata raisi Igor Sergeyenkoning aytishicha, hududlararo aloqalar iqtisodiy munosabatlarning muhim tarkibiy qismidir. Shu nuqtai nazardan, o'tgan yilning fevral oyida bo'lib o'tgan Belarus va O'zbekiston hududlararo ikkinchi forumi natijalari yuksak baholandi. Shuningdek, ikki mamlakat parlament a'zolari oliy darajadagi kelishuvlarni amaliy ijrosini ta'minlashda faol ishtirok etayotganlari ta'kidlandi.
O'zbekiston rasmiy vakili shu yilning 5-9 aprel kunlari O'zbekistonda o'tadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasiga ko'rilayotgan tayyorgarlik ishlari haqida so'zlab berdi.
Milliy Assambleya Vakillar palatasi raisi Igor Sergeyenko mazkur tadbirlarda Belarusdan yuqori darajadagi delegatsiya ishtirok etishini bildirdi.