O'zbekiston elchisi Belarus tabiat resurslari va atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri bilan muzokara o'tkazdi

O'zbekiston elchisi Rahmatulla Nazarov Belarus tabiat resurslari va atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Sergey Maslyak bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Suhbat davomida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni jadallashtirish, qo'shma tadbirlarni va loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Vazir Sergey Maslyak ikki davlat yetakchilari tashabbuslari bilan 2025-yil O'zbekistonda "Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili", Belarusda esa "Obodonlashtirish yili" deb e'lon qilinishi mamlakatlarimizning mazkur yo'nalishdagi maqsadlari hamohangligidan dalolat berishini qayd etdi
Belarus tomoniga O'zbekistonda ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat dasturlari, mintaqaviy iqlim strategiyasi, Yashil universitet kabi muhim loyihalar va xalqaro tashabbuslar haqida ma'lumot berildi.
Muloqot chog'ida o'simliklarni himoya qilish, "In-Vitro" usulida ko'chat yetishtirish texnologiyasini keng tatbiq qilish, suv havzalaridan samarali foydalanish, ularning tozaligini saqlash, maishiy chiqindilarni qayta ishlash, geologiya va ekoturizm kabi istiqbolli yo'nalishlarda tomonlarning yetarli salohiyatlari mavjudli urg'ulandi.
Tomonlar ikki davlat o'rtasidagi munosabatlar tobora mustahkamlanib borayotganligiga e'tibor qaratib, ekologiya sohasida amaldagi hamkorlik huquqiy-normativ bazasi yangilash zarurligini ma'lum qildilar.
Belarus vakili Toshkent shahrida bo'lib o'tadigan "Eko Ekspo Markaziy Osiyo – 2025" xalqaro ko'rgazmasida mamlakat delegatsiyasi ishtirokini tasdiqladi va shu yil 19-21-avgust kunlari Minsk shahrida tashkil etiladigan "ECOLOGY EXPO – 2025" ixtisoslashgan xalqaro ko'rgazmaga O'zbekiston tomonini taklif qildi.