O'zbekiston sayyohlik salohiyati Minsk shahrida o'tkazilgan xalqaro turizm xizmatlari ko'rgazmasida taqdim etildi

MINSK, 4-aprel. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 27-29-mart kunlari Minsk shahrida "ОТДЫХ-2025" xalqaro turizm xizmatlari ko'rgazmasi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda O'zbekiston Turizm qo'mitasi, Buxoro va Xorazm viloyatlari hokimliklari, turistik kompaniyalar va "Uzbekistan Airways" AJ vakillari qatnashdi.
Mamlakatimiz elchixona ko'magida O'zbekistonning turizm salohiyatini targ'ib etuvchi milliy stend tashkil etildi. O'zbekiston bo'limida taqdimotlar va o'zbek milliy taomlari namoyishi tashkil etildi. Ko'rgazma sahnasida O'zbekiston san'at ustalari ishtirokida konsert dasturi taqdim etildi.
Belarus sport va turizm vaziri Sergey Kovalchuk yurtimiz stendi bilan tanishar ekan, yaqinda o'z ta'tilini O'zbekistonda o'tkazganini bildirdi.
Belarus vakillari, shuningdek, O'zbekiston ulkan sayyohlik salohiyati va boy madaniy tarixiy merosga egaligini, mamlakatimiz hududi eng qadimiy sivilizatsiyalar va madaniyatlar beshigi sifatida e'tirof etilishini ta'kidladilar.
Ko'rgazma davomida O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari Belarus Sport va turizm vazirligi, mahalliy turoperatorlar va xorijiy davlatlardan kelgan turizm sohasi vakillari bilan muzokara o'tkazishdi. Natijada turistik tashkilotlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish borasida bir qator o'zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.